AQSh Kongressida Rossiya neftini har qanday shaklda sotib olishni taqiqlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokamaga kiritiladi. Bu haqda Pensilvaniya shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Brayan Fispatrik X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat «Ronald Reyganning “Kuch orqali tinchlik” qonuni» deb nomlanadi.
Qonun loyihasi parlamentdagi discharge petition tartibi orqali Palata yalpi majlisida muhokamaga olib chiqiladi. Ushbu tartib qonun loyihasini tegishli qo‘mita yoki spiker to‘sqinlik qilayotgan taqdirda ham, oddiy kongress a’zolariga uni butun palata ovoziga qo‘yish imkonini beradi. Buning uchun kamida 218 nafar kongressmenning imzosi talab etiladi. Bu Palata a’zolarining mutlaq ko‘pchiligini tashkil qiladi.
Fispatrik qonun loyihasi «katta ovoz farqi bilan» qabul qilinishini kutmoqda. Nebraska shtatidan saylangan respublikachi kongressmen Don Beykon ham hujjatni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. U AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiyadan dizel yoqilg‘isi sotib olish haqidagi qarorini tanqid qilgan.
Avvalroq, 9 oktyabr kuni Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar «juda muvaffaqiyatli» o‘tganini ma’lum qilgan edi. Uning aytishicha, suhbat davomida Rossiyadan AQSh va jahon bozorlariga 300 ming tonnadan ortiq dizel yoqilg‘isi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Shundan so‘ng AQSh Moliya vazirligi Rossiya dizel yoqilg‘isiga nisbatan sanksiyalarni 2027 yil 7 aprelga qadar vaqtincha to‘xtatdi.