AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari boshlanganidan buyon rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Eron va Livanda 7 300 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida yuzlab bolalar va o‘nlab tibbiyot xodimlari ham bor.
Biroq mustaqil tahlilchilar va huquq himoyachilari haqiqiy qurbonlar soni rasmiy raqamlardan ancha yuqori bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, mintaqadagi internet cheklovlari, ma’lumotlarning yopiqligi va ayrim hududlarning qurolli guruhlar nazoratida ekani aniq hisob-kitob yuritishga to‘sqinlik qilmoqda.
Buyuk Britaniyadagi qurolli zo‘ravonliklarni monitoring qiluvchi tashkilot rahbari Ien Overtonning ta’kidlashicha, mojaro bir nechta davlatlarni qamrab olgani sababli qurbonlar haqidagi ma’lumotlar to‘liq emas va ularni tekshirish qiyin.
Eron rasmiylari aprel o‘rtalariga qadar mamlakatda kamida 3 468 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Ulardan 1 460 nafari tinch aholi vakillari, 2 008 nafari esa harbiy xizmatchilar ekani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Buyuk Britaniyada faoliyat yurituvchi HRANA inson huquqlari tashkiloti qurbonlar sonini 3 636 nafar deb baholagan.
Mutaxassislar fikricha, mojaro oqibatlarini to‘liq baholash uchun yillar kerak bo‘lishi mumkin va halok bo‘lganlar soni haqidagi bahslar urush tugaganidan keyin ham davom etadi.