Vashington «Ayn al-Asad» va «Viktoriya» bazalarini kutilmagan holda tark etdi
AQSh Iroqda joylashgan «Ayn al-Asad» aviabazasi (Anbar viloyati) va «Viktoriya» harbiy majmuasidan o‘z qo‘shinlarini «kutilmagan» va «oldindan e’lon qilinmagan» ravishda chiqara boshladi. Bu haqda mahalliy OAV xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh harbiylarining bir qismi Iroq Kurdiston mintaqasining poytaxti Erbilga ko‘chirilayotgan bo‘lsa, qolgan qismi yaqindagi arab davlatiga joylashtirilmoqda. Bu davlat nomi oshkor etilmagan.
Qo‘shinlarni chiqarish AQSh elchixonasi topshirig‘iga asosan bir necha bosqichda amalga oshirilayotgan bo‘lib, bu AQSh boshchiligidagi koalisiyaning avval kelishilgan chiqish grafigini tezlashtirmoqda. Ushbu koalisiya 2014 yilda tashkil etilgan edi.
Iroq Bosh vaziri Muhammad Shia as-Sudaniyning maslahatchisi Husayn Allaviy 17 avgust kuni bayonot berib, Ayn al-Asad va Bag‘doddagi koalisiya missiyasi 2025 yil sentyabrda tugashi kerakligini bildirgan edi.
Manbalarga ko‘ra, AQSh Iroq hukumatini koalisiyadan tezroq chiqish bo‘yicha qaror haqida xabardor qilgan va Strategik hamkorlik ramkaviy kelishuvida belgilangan muddatlardan voz kechgan.
Iroq hukumati hozircha AQShning bu qadamga nega bunday shoshilinch ravishda qo‘l urgani va uning harbiy hamkorlikka qanday ta’sir qilishi haqida izoh bermagan.
Ayni paytda Iroqda taxminan 2500 nafar amerikalik harbiy xizmatchi qolmoqda. AQSh yetakchiligidagi koalisiyani bosqichma-bosqich chiqarish bo‘yicha kelishuv 2024 yil sentyabrda erishilgan edi.