AQSh rasmiylari "tug‘ilish turizmi"ni cheklash uchun AQSh fuqaroligi bo‘lmagan homilador ayollarning mamlakatga kirishini taqiqlashni ko‘rib chiqmoqda.
Bu haqda Telegraph gazetasi xabar berdi.
Seshanba kuni AQSh Oliy sudi AQSh prezidenti Donald Trampning mamlakatda tug‘ilgan bolalar uchun AQSh fuqaroligiga bo‘lgan universal huquqni bekor qilish tashabbusini blokladi. Keyinchalik Amerika rahbari bu qarorni "Xitoy uchun g‘alaba" deb atadi va Kongressni bu huquqni bekor qilishga chaqirdi.
"Homilador ayollarga AQShga kirish taqiqlanishi mumkin... Oq uy bu chorani o‘rganmoqda... Potensial taqiq Tramp ma’muriyati xorijiy ayollarga homiladorlikning oxirgi bosqichlarida AQShga farzandlari uchun fuqarolikni olish uchun borishga ruxsat beradigan amaliyotni cheklashga qaratilgan yangi urinish bo‘ladi", deyiladi xabarda.
Oq uy "tug‘ilish turizmi" milliy xavfsizlikka tahdid soladi, chunki AQShda xorijiy onalardan tug‘ilgan bolalar yillar o‘tib Amerika universitetlarida o‘qish paytida "intellektual mulkni o‘g‘irlash" uchun mamlakatga qaytishlari mumkin, deb hisoblaydi.
Gazeta xabariga ko‘ra, har yili Qo‘shma Shtatlarda xorijiy ota-onalardan taxminan 20 000-26 000 bola tug‘iladi.
Ikkinchi muddatga lavozimga kirishganidan so‘ng, Tramp Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan bolalar uchun fuqarolikka bo‘lgan universal huquqni bekor qiluvchi farmon chiqardi. Uning fikricha, AQSh Konstitusiyasining 14-tuzatishidagi qoida ota-onasi mamlakatda doimiy va qonuniy ravishda istiqomat qiladiganlar bilan cheklanishi kerak.