AQSh Hindistonga 92,8 million dollarlik ikki harbiy qurol-aslaha sotishni ma’qulladi.
Bu paket tarkibiga Javelin tankiga qarshi raketalari hamda yuqori aniqlikdagi artilleriya snaryadlari kiradi.
Bu voqea Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi va Donald Trampning Vashingtondagi uchrashuvidan to‘qqiz oy o‘tib ro‘y bermoqda. O‘sha uchrashuvda ikki yetakchi mudofaa aloqalarini rivojlantirishga sodiqligini bildirgan edi.
Xabar berilishicha, Tramp Hindistondan ko‘proq Amerika qurollarini xarid qilishni so‘ragan.
Rossiya hanuzgacha Hindistonning asosiy qurol yetkazib beruvchisi bo‘lib qolayotgan bo‘lsada, uning ulushi 2017–2023 yillar oralig‘ida 62 foizdan 34 foizga tushdi. Hindiston esa tobora ko‘proq AQSh qurollarini sotib olayotgani kuzatilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Hindiston va AQSh o‘rtasidagi mudofaa savdosi deyarli nol darajadan 20 milliard dollargacha oshib, AQShni Hindistonning Rossiya va Fransiyadan keyingi uchinchi yirik qurol yetkazib beruvchisiga aylantirdi.
Bayonotda aytilishicha, Javelin tankga qarshi raketa tizimining 45,7 million dollarlik savdosi kelishilgan. Paketga 100 ta FGM-148 Javelin raketasi, bir dona sinov uchun mo‘ljallangan raketa kiradi.
Shuningdek, o‘quv raketalari, trenajyorlar, ehtiyot qismlar, texnik yordam va boshqa logistika xizmatlari ham qamrab olingan.
Yana bir alohida xabarnomada 47,1 million dollarlik bitimga ko‘ra, 216 tagacha M982A1 Excalibur aniq zarba beruvchi artilleriya snaryadlari, o‘t ochishni boshqarish tizimlari, praimerlar, o‘q-dorilar uchun zaryadlar, texnik hujjatlar va ta’mirlash xizmatlari sotuviga ham ruxsat berildi.
Bu hodisa shuningdek ikki davlat o‘rtasida savdo kelishuvini yakunlash jarayoni va keskinlikni yumshatish davriga to‘g‘ri kelmoqda.