Sky News telekanalining xabar berishicha, 1300 dan ortiq Strava ilovasi foydalanuvchilari Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalaridan turib o‘z mashg‘ulotlarini ulashgan. Eron bu ma’lumotlardan mintaqadagi Amerika kuchlarini nishonga olishda foydalangan bo‘lishi mumkin.
Strava ilovasi foydalanuvchilarga yugurish, velosiped haydash va suzish vaqtida bosib o‘tilgan aniq yo‘nalishlar hamda vaqtni ulashish imkonini beradi. AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalarida minglab shunday mashg‘ulotlar qayd etilgan.
Natijada bazadagi kundalik tartib-qoidalar, shaxsiy tarkibning joylashuvi va harbiylarning bazalar o‘rtasidagi harakatlanish tartibini kuzatish imkoni bo‘lgan. Ular orasida ommaviy xaritalarda belgilanmagan bazalar ham bor.
O‘z faolligini Strava'da ulashib borgan foydalanuvchilarning aksariyati buni haqiqiy ismlari bilan amalga oshirgan. Bu esa ularni hujum yoki josuslik uchun potensial nishonga aylantirgan. Pentagon yetti yil avval xodimlariga ilovaning joylashuvni uzatish funksiyalaridan beruxsat foydalanishni taqiqlagandi.