AQShning Ukraina foydali qazilmalaridan foydalanish bo‘yicha tayyorlagan kelishuv loyihasi Ukraina hududidan Yevropaga o‘tuvchi "Gazprom" quvuri ustidan nazoratni Amerika davlat korporasiyasiga topshirishni ko‘zda tutadi.
Bu haqda Reuters axborot agentligi ishonchli manbalarga asoslanib xabar berdi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha juma kuni Vashingtonda muhokama qilingan. Agentlik muzokaralar keskin kechganini va ularning muvaffaqiyatli yakunlanish ehtimoli past baholanganini qayd etdi. Reuters suhbatdoshlaridan biri vaziyatni "juda ziddiyatli" deb ta’riflab, mart oyida Amerika loyihasiga kiritilgan "maksimalistik" yondashuvni ta’kidladi. AQSh Moliya vazirligi maslahatlashuvlar "faqat texnik xususiyatga ega" ekanligini ma’lum qildi.
Reuters xabariga ko‘ra, Ukraina tomoni shartnoma tuzish masalalarida tashqi maslahatchi sifatida Hogan Lovells yuridik firmasini jalb etgan. Shuningdek, Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal va Moliya vaziri Sergey Marchenko ikki haftadan so‘ng Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi hamda Jahon bankining bahorgi sessiyasida ishtirok etish uchun Vashingtonga tashrif buyurishi kutilmoqda. Xususan, 25 aprel kuni Ukrainadagi vaziyatga bag‘ishlangan vazirlar darajasidagi uchrashuv o‘tkaziladi.