AQSh Folklend orollari bo‘yicha o‘z pozisiyasini o‘zgartirishi mumkin.
Vashington Eron bilan bo‘layotgan urushda Britaniyaning yordami kamligidan norozi bo‘lib, Londonning Folklend orollariga bo‘lgan huquqlarini qayta ko‘rib chiqishni muhokama qilyapti. Pentagonning ichki elektron xatida tilga olingan bu reja haqida amerikalik mulozim Reuters agentligiga ma’lumot bergan.
Tramp ma’muriyati o‘z harbiy amaliyotlarini yetarlicha qo‘llab-quvvatlamagan NATO'dagi ittifoqchilariga shu yo‘l bilan bosim o‘tkazish imkoniyatini qidiryapti. Agar Qo‘shma Shtatlar uzoq yillik qarashlaridan voz kechsa, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy va mustahkam ittifoqqa jiddiy zarba bo‘lishi mumkin.
Janubiy Atlantikada, Argentina qirg‘oqlari yaqinida joylashgan bu orollar 1833 yildan beri Britaniya boshqaruvida bo‘lib kelsa-da, 1982 yilda ular uchun ikki davlat o‘rtasida mojarolar bo‘lib o‘tgan edi. Hozirda Argentina prezidenti Xavyer Miley Oq uy bilan juda yaqin aloqalar o‘rnatgan, lekin orollar bo‘yicha o‘z da’volarini saqlab qolgan.
Shuningdek, Xitoy ham Buenos-Ayresning bu boradagi intilishlarini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelyapti. Britaniya orol aholisining o‘z xohishi bilan London tarkibida qolganini asosiy hujjat sifatida ko‘rsatib keladi, Vashingtonning bu masalani siyosiy savdoga qo‘yishi kelajakda vaziyatni ancha chigallashtiradi.