Xakerlar AQShning federal sud hujjatlari saqlanuvchi tizimini buzib kirib, bir nechta shtatlarda maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilishdi.
AQShning federal sud hujjatlarini saqlash tizimi keng ko‘lamli xakerlik hujumiga uchradi. Bu haqda Politico nashri manbalarga tayangan holda xabar berdi.
Manbalarning aytishicha, buzg‘unchilar bir qator okrug sudlariga kirib, jinoyat ishlarida ishtirok etgan ma’lumot beruvchilarning shaxsiy ma’lumotlariga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biroq, manbalardan biri ta’kidlashicha, federal sudlar tomonidan qo‘riqlanayotgan eng muhim guvohlar ma’lumotlari xavfsiz qolgan — chunki ular Adliya vazirligining alohida tizimlarida saqlanadi.
Bundan tashqari, xakerlar maxfiy ayblov xulosalari, hibsga olish va tintuv orderlari hamda jinoyat ishlariga oid boshqa yopiq materiallarga ham kirish imkoniga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Bu buzilish haqida iyul oyi boshlarida ma’lum bo‘lgan. Politico ma’lumotiga ko‘ra, bu haqda 8-okrugdagi federal sudlarning bosh sudyalariga xabar berilgan. Bu okrugga Arkanzas, Ayova, Minnesota, Missuri, Nebraska, Shimoliy va Janubiy Dakota shtatlari kiradi.
Sud tizimida 20 yildan ziyod ishlagan manbalardan biri bunday ko‘lamdagi xakerlik hujumi bilan ilk marta to‘qnash kelayotganini aytgan. Yana bir manbaga ko‘ra, xakerlik natijasida ayrim okruglarda o‘nlab sud ishi hujjatlari soxtalashtirilgan. Bu ma’lumot hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.
Hozircha AQSh rasmiylaridan hech qanday rasmiy bayonot berilmagan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bu hujum ortida chet el davlatlari bilan bog‘liq xakerlar yoki jinoiy guruhlar turishi mumkin.