Bugun 16 oktyabr, 2026 yil, juma

КИР

AQSh Yevropani himoya qilmoqchi bo‘lsa, Ukraina uchun Starshield tizimini o‘chirmasligi kerak

AQSh Yevropani himoya qilmoqchi bo‘lsa, Ukraina uchun Starshield tizimini o‘chirmasligi kerak

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQSh Ukrainada foydalanilayotgan Starshield sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimini o‘chirmasligi kerakligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tizim ishdan chiqarilsa, Yevropani himoya qilish imkoniyatlari cheklanadi.

Starshield — AQShning harbiylar uchun mo‘ljallangan, Starlink xizmatlariga asoslangan sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi bo‘lib, undan Ukraina Qurolli kuchlari ham foydalanadi.

Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi yetakchilari sammiti chog‘ida DW muxbiri AQSh istagan paytda tizimni yoqib-o‘chirishi mumkinmi, degan savol bilan Frederiksenga murojaat qildi.

«Agar AQSh NATOni himoya qilishni, Yevropani himoya qilishni istasa, bu tizimdan foydalanish imkoniyati saqlanib qolishi kerak», — dedi Daniya bosh vaziri.

Ukrainada Starshield tizimi qayta ishlay boshladi

Shu kuni Ukraina Mudofaa kuchlari Starshield terminallari faoliyati qayta tiklanganini ma’lum qildi.

«Hozirgi vaqtda Starshield tizimining dala sharoitidagi faoliyati qayta tiklandi va davom etmoqda. Buni harbiy bo‘linmalardan kelayotgan hisobotlar orqali qayd etmoqdamiz», — deya Ukraina Mudofaa vazirligidagi manbalarning so‘zlarini keltirdi «Ukrinform» agentligi.

Avvalroq Rossiyaning Kiyevga qilgan hujumlari paytida Ukraina rasmiylari G‘arb ittifoqchilaridan, xususan, AQShdan ballistik raketa tahdidlari haqidagi ma’lumotlarni yana ololmaganini bildirgan edi. Shuningdek, Starshield tizimi ishiga cheklovlar qo‘yilgani haqida ham xabarlar tarqalgan.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti Ukraina armiyasining frontdagi aloqa tizimi asoslaridan biriga aylandi. Ushbu texnologiyadan, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarishda ham foydalaniladi.

Kiritildi: 22:17 15.10.2026. O'qildi: 312 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!