Vashington Tehrondan uranni boyitishga 20 yillik moratoriy e’lon qilishni so‘ramoqda.
Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabardor manbalarga tayanib xabar bermoqda.
AQSh shuningdek, Erondan barcha mavjud boyitilgan yadroviy materiallar zaxiralarini olib tashlashni talab qilayotgani aytilgan. Bundan tashqari, AQSh ma’muriyati Isfahon, Natanz va Fordovdagi yadroviy inshootlarni demontaj qilishni, Eron yadroviy dasturining bir qismi sifatida yer osti ishlariga taqiq qo‘yishni va kengaytirilgan xalqaro tekshirish mexanizmini talab qilmoqda.
CNN avvalroq AQSh va Eron uranni boyitishga o‘n yildan ortiq muddatga moratoriy e’lon qilish imkoniyatini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edi.
Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Vashington va Tehron qurolli mojaroga chek qo‘yish bo‘yicha bir sahifali memorandum bo‘yicha kelishib olishga yaqin. Xabarlarga ko‘ra, AQSh tomoni Eronning o‘z takliflariga 48 soat ichida javob berishini kutmoqda.
Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Esmail Bag‘ayey avvalroq Tehron AQSh takliflarini ko‘rib chiqishda davom etayotganini va keyinchalik o‘z javobini Pokiston tomoniga yetkazishini aytgan edi.