AQSh prezidenti ma’muriyati Eron parlamenti spikeri Muhammad-Bag‘ir G‘olibafni muzokaralar uchun hamkor va hatto mamlakatning yangi rahbari sifatida ko‘rmoqda, deb xabar berdi Politico o‘z manbasiga tayanib.
Nashr suhbatdoshlari qayd etishicha, hozircha G‘olibaf bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmagan. Prezident ma’muriyati «bir necha nomzodlarni stress-testdan o‘tkazmoqchi».
Ushbu nomzodlar ro‘yxatida Eronning so‘nggi shohi Rizo Pahlaviyning o‘g‘li yo‘q.
Politico suhbatdoshlariga ko‘ra, Oq uydagilar «Venesuela ssenariysi»ni ko‘rib chiqishmoqda – ular hokimiyat tepasiga mamlakat ichkarisida qo‘llab-quvvatlovga ega hamda AQSh bilan murosa qiladigan odam kelishini xohlashmoqda. Tramp ma’muriyati Pahlaviy Eronda qandaydir legitimlikka ega bo‘lishiga ishonmaydi.
Shu bilan birga, ekspertlar Eron parlamenti spikeri AQShga sadoqat izhor etishiga ham shubha bilan qaramoqda.
«G‘olibaf — <…> ambisiyali va pragmatik odam, ammo shu bilan bir vaqtda islomiy tuzumni saqlab qolishning qat’iy tarafdori. Bu esa uning Vashingtonga qandaydir muhim yon berishga boradigan nomzod bo‘lish ehtimolini kamaytiradi», – deydi Xalqaro krizis guruhining Eron bo‘yicha katta tahlilchisi Ali Voiz.
Muhammad Boqir G‘olibaf 1980-yillarda Eron va Iroq o‘rtasidagi urush chog‘ida Islom inqilobi muhofizlari korpusida xizmat qilgan. 1999 yilda Eron polisiyasi boshlig‘i etib tayinlangan. 2005-2017 yillarda Tehron shahri meri bo‘lib ishlagan. 2020 yildan buyon Eronning bir palatali parlamenti – Majlis prezidenti hisoblanadi.