Bugun 23 mart, 2026 yil, dushanba

КИР

AQSh harbiylari: “Isroil uchun o‘lishni istamaymiz”

AQSh harbiylari: “Isroil uchun o‘lishni istamaymiz”

AQSh va Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan yigirma kundan ziyod vaqt o‘tgan bir pallada Qo‘shma Shtatlar harbiylari orasida tashvish va xavotir kuchaymoqda, deb yozmoqda HuffPost nashri.

28 fevral kuni Eronga qarshi urush boshlagan Vashington va Tel-Aviv ma’muriyatlari tezkor hujumdan keyin Tehron hukumati qulashiga umid qilgan edi. Ammo ularning bu umidi ro‘yobga chiqmadi, Eron xalqi hukumat tegrasida jipslashgani kuzatildi.

Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi qat’iy ravishda nazoratga olingach, dunyo bozorida neft va gaz narxi keskin qimmatladi. Ayni paytda AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hududiga askar kiritishni, xususan, Eronning strategik muhim sanalgan Xork orolini egallash uchun quruqlikda harbiy amaliyot o‘tkazishni rejalashtirayotgani aytilmoqda.

HuffPost nashri yozishicha, harbiylar Eronga qo‘shin kiritishni butkul halokatli qadam deb atamoqda.

Qayd etilishicha, Eronga qarshi urush sabab kuchli stress, hafsala pir bo‘lishi va ruhiy beqarorlik holatiga duchor bo‘lgan amerikalik ayrim askarlar armiyani tark etishni ham mo‘ljallayotir.

AQShning Yaqin Sharq mintaqasidagi harbiylari, avvalo, kuchli himoya va rejalashtirish yo‘qligidan norozi. Hozirga qadar Eron o‘z hududiga hujumga javoban AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy ob’ektlariga raketa va dronlar orqali zarba berdi. Urush davomida 13 nafar amerikalik askar halok bo‘ldi, 230 dan ziyodi jarohatlandi.

“Biz Isroil uchun o‘lishni istamaymiz, biz siyosiy maydonda piyoda bo‘lib qolishni xohlamaymiz”, – degan yosh harbiylar.

Tahlilchilar fikricha, Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning bosimi ostida Eronga qarshi urush boshladi va endilikda mushkul vaziyatdan chiqish yo‘lini topa olmayotir.

HuffPost nashriga ko‘ra, AQSh armiyasidagi yosh askarlar orasida Isroilga nisbatan salbiy munosabat kuchaygan.

NBC News o‘tkazgan so‘rov natijalariga qaraganda, 34 yoshdan kichik bo‘lgan saylovchilarning 63 foizi Isroilga nisbatan salbiy munosabatda ekanini bildirgan. Minglab tinch aholi o‘limiga sabab bo‘lgan G‘azodagi qonli harbiy harakatlar Tel-Avivga qarshi kayfiyatni kuchaytirgan.

Urush muammolariga bag‘ishlangan markaz ijrochi direktori Mayk Prisnerning aytishicha, o‘tgan yillar mobaynida har yili 50-80 nafar askar ushbu markazga armiyadan ketish masalasida murojaat qilgan. Mart oyida bu ko‘rsatkich 1000 foizga ortgan. Hozirda har kuni kamida bir nafar askar iste’fo masalasida ko‘mak so‘rayotir.

1,3 million a’zoga ega AQSh armiyasidan harbiylarning ommaviy ravishda iste’fosi kuzatilayotgani yo‘q, albatta. Ammo askarlar orasidagi norozilik, ruhiy beqarorlik urushning natijasiga ta’sir etmay qolmaydi.

Armiyadan ketmoqchi bo‘lgan askarlar siyosiy yetakchilar Eronga qarshi urushning sabablarini asosli ravishda izohlab bera olmadi deb hisoblaydi. Harbiylar orasida norozilik kuchayishiga Erondagi maktabga berilgan zarba ham sabab bo‘ldi.

Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Eronning Minob tumanidagi “Shajarayi Toyyiba” maktabi bombalanishi oqibatida kamida 170 kishi o‘ldirilishi uchun javobgarlik AQShning zimmasida deb hisoblaydi. Xalqaro tashkilot xulosasiga ko‘ra, asosan bolalar o‘limiga olib kelgan ushbu hujumda Qo‘shma Shtatlar harbiylari Tomahawk raketasidan foydalangan.

“Shajarayi Toyyiba” maktabi 28 fevral kuni bombardimon qilingan edi. Ayni dars vaqti uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 170 nafar o‘quvchi va o‘qituvchilar halok bo‘lgan, maktab binosi esa butunlay vayron bo‘lgan.

AQSh ma’muriyati, xususan, prezident Tramp ushbu fojia uchun javobgarlikni zimmaga olishdan bo‘yin tovlamoqda. Qo‘shma Shtatlar harbiylari orasida esa bu hol norozilik uyg‘otmoqda.

Urush faxriylari xavotiriga ko‘ra, AQSh Iroq va Afg‘onistondagi kabi qimmat va uzoq muddatli harbiy mojaroga aralashib qoldi.

Qo‘shma Shtatlarning Eronga qarshi harbiy operasiyasi xarajatlari bir oy ichida 27 milliard dollardan oshib ketdi. Xarajatlar har kuni ortib bormoqda.

Yaqinda Tramp ma’muriyatidagi yuqori martabali razvedka mulozimi – Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha milliy markaz direktori Jo Kent Oq uyning Eronga qarshi urushiga norozilik bildirgan holda lavozimidan iste’fo berdi. Uning fikricha, Eron AQShga bevosita tahdid tug‘dirmagan va Tramp bu urushni Isroil bosimi ostida, uning Amerikadagi kuchli lobbisi ta’sirida boshladi.

Eronga qarshi urush boshlanganidan keyin dunyo energetika bozorida keskin qimmatlashuv ro‘y berdi. Bir tomondan, jahon energetika bozorida narx oshishi, ikkinchi tomondan, AQSh jamoatchiligi hamda muxolifat bosimi sabab Tramp garchi yakuniy maqsadga erishmagan bo‘lsa-da, urushdan chiqish yo‘lini qidirayotgani aytilmoqda.

Boz ustiga, Eronga qarshi urush AQShning xalqaro maydonda deyarli yakkalanib qolganini ko‘rsatdi. Hatto Shveysariya kabi ittifoqchi davlat ham Eronga qarshi urush munosabati bilan AQShga qurol-aslaha eksportini taqiqladi.

Kiritildi: Bugun 20:12. O'qildi: 791 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!