Vashington AQSh tomonidan yaratilgan "Amerika qalqoni" alyansidagi ittifoqchilariga harbiy salohiyatini oshirishda yordam berishga tayyor, ammo ulardan mudofaa xarajatlarini ko‘paytirishni kutmoqda.
AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset Panamada alyans faoliyatiga bag‘ishlangan konferensiyada nutq so‘zlab, bu haqda ma’lum qildi.
Xegset AQShning NATO ittifoqchilari o‘zlarining kollektiv mudofaa majburiyatlarini sezilarli darajada oshirganliklarini va "Amerika qalqoni" mamlakatlari ham shunga amal qilishi kerakligini ta’kidladi.
"AQSh Mudofaa vazirligi barchangizni harbiy salohiyatingizni oshirishda qo‘llab-quvvatlashga tayyor va qodir, ammo biz, albatta, sizdan o‘z salohiyatingizga katta mablag‘ sarflashingizni kutamiz", dedi u.
Xegsetning ta’kidlashicha, agar ittifoq mamlakatlari o‘z mudofaasini jiddiy qabul qilsalar, Vashington o‘z harbiy salohiyatini oshirish va qo‘shma jangovar operasiyalarda ishtirok etishga ustuvor ahamiyat beradi.
Pentagon rahbari shuningdek, AQSh ma’muriyati 1823 yilda Prezident Jeyms Monro tomonidan shakllantirilgan Monro doktrinasiga amalda qaytish niyatida ekanligini tasdiqladi. Ushbu doktrinaga ko‘ra, Vashington Janubiy Amerikani o‘zining eksklyuziv qiziqish zonasi deb bilgan.
Xegsetning so‘zlariga ko‘ra, AQSh G‘arbiy yarim sharni tashqi tahdidlardan, jumladan, narkoterrorizm va dushman xorijiy kuchlarning harakatlaridan himoya qilishni niyat qilgan va raqiblarga o‘z kuchlarini mintaqaga joylashtirishga yo‘l qo‘ymaydi.
Giyohvand moddalar kartellarining oqibatlari haqida gapirar ekan, Xegset so‘nggi o‘n yilliklarda fentanil, kokain va boshqa giyohvand moddalarni iste’mol qilish natijasida 1 milliondan ortiq amerikalik halok bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu AQShning 250 yillik tarixidagi har qanday urushdagi yo‘qotishlaridan oshib ketadi.