AQSh Davlat departamenti biznes va sayyohlik vizalarini tezkor tartibda rasmiylashtirish uchun pullik xizmatni joriy etmoqchi. Endi xorijiy fuqarolar standart 185 dollarlik yig‘imdan tashqari yana 750 dollar to‘lab, to‘lovdan keyin o‘n kun ichida elchixona yoki konsullikdagi suhbatga yozilish imkoniyatiga ega bo‘ladi, deb xabar beradi Associated Press.
Pilot dasturi 1 iyuldan boshlanadi va 2026 yil 31 dekabrgacha davom etadi. Zarurat tug‘ilganda hamda talab yuqori bo‘lgan taqdirda, uning amal qilish muddati uzaytirilishi mumkin. Dasturda ishtirok etayotgan xorijdagi AQSh elchixonalari va konsulliklari ro‘yxati dastur boshlanishidan oldin e’lon qilinadi. Bu haqdagi tegishli xabar shu hafta Federal Register rasmiy nashrida chop etiladi.
Yangi xizmat Donald Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan qat’iy viza siyosatining oqibatlarini qisman yumshatishga qaratilgan. So‘nggi vaqtlarda AQSh rasmiylari viza olish uchun ariza berishda ba’zi mamlakatlar fuqarolari uchun garov depozitini joriy qildi. Asosan Afrika mamlakatlarida bu miqdor 15 ming dollargacha yetishi mumkin. Bundan tashqari, ariza beruvchilardan ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan holda katta miqdordagi shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etish talab qilinadi.
Vizadan voz kechish dasturiga kiritilmagan mamlakatlar fuqarolari uchun suhbat uchun navbat bir necha oy davom etishi mumkin. Biroq, qo‘shimcha ravishda to‘lanadigan premium xizmat viza berilishini kafolatlamaydi - bu faqat suhbat vaqtini tezlashtiradi.