Angliya chempionatining 33-turi yakunlariga ko‘ra, «Vulverxempton» APLda jon saqlab qolish imkoniyatini butunlay yo‘qotdi. «Kristal Pelas» va «Vest Xem» o‘rtasidagi uchrashuvda qayd etilgan durang (0:0) «bo‘rilar» uchun yakuniy hukm bo‘ldi.
Mavsum tugashiga besh tur qolgan bir vaqtda «Vulverxempton» hisobida 17 ochko mavjud. Jamoani xavfsiz bo‘lgan 17-o‘rindan 16 ochko ajratib turibdi, vaholanki, qolgan o‘yinlarda ular maksimum 15 ochko to‘plashlari mumkin, xolos.
«Vulverxempton» oxirgi sakkiz yil davomida APLda muntazam ishtirok etib kelayotgan edi. Katta ehtimol bilan, «Byornli» va London klublaridan biri — «Vest Xem» yoki «Tottenxem» ham ularga sherik bo‘ladi. Shuningdek, «Nottingem Forest» va «Lids» klublari ham xavfli hududga yaqin turibdi.
Avvalroq, Frenk Lempard qo‘l ostidagi «Koventri» jamoasi quyi ligaga tushib ketganidan 25 yil o‘tib, yana APLga qaytgani ma’lum bo‘lgan edi.