Ilgari Somali terma jamoasi sardori bo‘lgan 24 yoshli Iqra Ismoil o‘tgan yakshanba kuni ayollar ligasining “United Dragons” jamoasidagi debyut o‘yinida diniy sabablarga ko‘ra shorti kiymagani uchun maydonga tusha olmadi.
“Men hakamdan “Siz mening diniy e’tiqodim va shorti kiya olmasligim uchun o‘ynashim mumkin emas, deyapsizmi?” deb so‘radim. Va u javob berdi: “Ha”. Men juda xafa bo‘ldim. Men qattiq xafa bo‘lganimda va g‘azablanganimda yig‘laydiganlardanman. Ko‘z yoshimni ko‘rgach, u vaziyatning jiddiyligini angladi.
Bu kabi hodisalar bizda o‘yinning tuzilishi haqida hali ham bilim yetishmasligidan dalolat beradi. Mening kiyinishimga muxlis emas, liga va hakam e’tiroz bildirdi. Bular rasmiy lavozimlarni egallab, o‘yin jarayoniga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan odamlardir. Agar bu kabi odamlar madaniy va diniy tafovutlar haqida to‘g‘ri bilimga ega bo‘lmasa va odamlarning o‘yinda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymasa, demak, men kelajakka umidimiz katta emasligiga ishonchim komil.
Shu sababdan ko‘p ayollar ligada umuman o‘ynamaydilar – ularga avvalroq klublar, liga va hakamlar o‘ynay olmasliklarini aytishgan. Men juda qaysarman. Ko‘pchilik aynan shu sababdan futbolga mehr qo‘ymagan.
Futbolda odamlar o‘zlariga harakat qilish erkinligini beradigan juda ko‘p qoidalar mavjud. Misol uchun, agar siz formangiz ostida uzun yengli top kiysangiz, u formangiz bilan bir xil rangda bo‘lishi kerak, ammo bu qoidaga hamma amal qilmaydi. Men buni hakamga ko‘rsatdim. Ammo bunday jiddiy sababga ega bo‘lgan narsa haqida gap ketganda, hech qanday erkinlik berilmaydi”, dedi Ismoil.
Seshanba kuni ayollar ligasi (GLWFL) o‘yinchini qo‘llab-quvvatlab, voqea FA ko‘rsatmalarining “noto‘g‘ri talqin qilinishi” tufayli sodir bo‘lganini aytdi. Xalqaro futbol assosiasiyasi (IFA) qoidalariga ko‘ra, shortilar majburiy jihoz hisoblanadi, ammo GLWFL va FA formalari futbolchilarning diniy e’tiqodlariga nisbatan tolerant bo‘lishi kerakligini aytadi.