Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi fuqaro SH. Yaqubova onasi Y. Qodirovaning Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasida ish vaqtida olgan tan jarohati oqibatida vafot etganligi yuzasidan Andijon viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi rahbari nomiga murojaat qildi. Murojaatga asosan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan holat o‘rganilib, fuqaro manfaatlarini ko‘zlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga «Paxtaobod tumani tibbiyot birlashmasi»ga nisbatan da’vo kiritildi.
Sud qaroriga ko‘ra, javobgar tashkilot hisobidan da’vogar foydasiga 793 643 976 so‘m miqdorida bir martalik nafaqa undirildi. Mazkur qaror mehnat jarayonida vafot etgan xodimlar merosxo‘rlarining huquqlari qonun bilan kafolatlanganini yana bir bor tasdiqlaydi.