Test jarayonlarini belgilangan tartiblar asosida va yuqori saviyada o‘tkazish, xavfsizlikni ta’minlash, shuningdek, abituriyentlarni test o‘tkaziladigan maydonlarga koronavirus infeksiyasi yuqishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha belgilangan tartiblarga amal qilgan holda kiritish maqsadida ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Milliy gvardiya hamda sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari jalb qilingan.
Xususan, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasining 123 nafar xodimlari test jarayonlarida xavfsizlikni ta’minlashda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishmoqda.
Imtihondan oldin abituriyentlarning test hududiga taqiqlangan narsalarni olib kirishlari mumkin emasligi haqida ogohlantirish ishlari olib borilgan bo‘lsa ham, ularning ayrimlari tomonidan ichkariga turli narsalar olib kirish holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, test sinovlarining o‘tgan birinchi kuni hamda ikkinchi kunning birinchi yarmi mobaynida jami 13 nafar abituriyent taqiqlangan buyumlar ya’ni hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga uringanligi uchun test imtihonidan chetlashtirildi. Shuningdek, 2 nafar “abituriyent”lar boshqa birovning o‘rniga kirishga urinayotgan vaqtda xodimlarning hushyorligi natijasida qo‘lga tushdi.
Andijon viloyati IIB xodimlari boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamjihatlikda test jarayonlarini belgilangan tartiblar asosida o‘tkazilishini ta’minlanishida o‘zlarining hissalarini qo‘shmoqdalar. Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilayotgan test sinovlari esa davom etmoqda.