4 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:13 da Belgiyaning Lyej xalqaro aeroportidan amalga oshirilgan reys orqali Andijonga 160 bosh, umumiy og‘irligi 83,3 tonna bo‘lgan nasldor tirik qoramol yetkazib kelindi.
Havo kemasi bortida Germaniyaning Simmental va Golshtin zotlariga mansub nasldor qoramollar tashildi. Mazkur zotlar yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi. Xususan, Simmental zoti sut va go‘sht yo‘nalishidagi universalligi bilan mashhur bo‘lsa, Golshtin zoti dunyoda eng yuqori sut mahsuldorligiga ega qoramol zotlaridan biri hisoblanadi.
Tirik hayvonlarni havo kemasidan tushirish, veterinariya nazoratidan o‘tkazish hamda maxsus transport vositalariga ortish ishlari amaldagi veterinariya va biologik xavfsizlik talablariga to‘liq rioya etilgan holda tezkor tarzda amalga oshirildi.
Mazkur operasiya davomida "Uzbekistan Airports" AJ hamda Andijon xalqaro aeroporti mutaxassislari yukni qabul qilish va qayta ishlash jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etib, tirik hayvonlarning havo kemasidan xavfsiz tushirilishi va belgilangan manzilga yetkazib berilishini muvaffaqiyatli ta’minladilar.
Boeing 747-400F yuk havo kemasining muvaffaqiyatli qabul qilinishi Andijon xalqaro aeroportining yirik va maxsus toifadagi yuklarni, jumladan tirik hayvonlarni, xalqaro standartlar asosida qabul qilish hamda ularga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha salohiyati tobora ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.