Bugun 24 noyabr, 2024 yil, yakshanba

КИР

Ana xolos! 60 yoshli onasiga er izlayotgan qiz

Ana xolos! 60 yoshli onasiga er izlayotgan qiz

Kelin tanlash masalasiga bobolarimiz juda katta e’tibor qaratishgan. Zero, bu mas’uliyat kelgusi avlodlarning ma’nan va jismonan qanday insonlar bo‘lib kamolga yetishiga asos bo‘lishi bilan uzviy aloqadordir. Hatto Sohibqiron Amir Temur bobomiz kelin tanlashni davlat yumushlari bilan teng ko‘rgan. Azaliy qadriyatlarimizga ko‘ra, kelin bo‘lmishning yetti pushti surishtirilishi, uning mol-mulkiga qiziqishdan yuz karra ustun bo‘lgan.

Bir dugonam telegramimda “Sovchilik xizmati” kanalining linki bor-yo‘qligini so‘rab qoldi. Jiyanini uylantirish niyatida qiz izlashayotgan ekan. Ziyoli oila vakili bo‘lgan dugonamning unday kanallardagi takliflarga ishonishi meni ajablantirdi.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida ana shunday kanallardan birini diqqat bilan ko‘rib chiqdim. E’lonlar bir qarashda risoladagidek. Agar kishi shu yo‘l bilan baxtini topsa, nimasi yomon, degingiz keladi. Biroq...

Ana shu e’lonlarni diqqat bilan o‘qib, ularni joylagan kishilarning ma’naviyati, axloqi, asl maqsadini anglab olish qiyin emas.

Kanaldagi e’lonlarni birma-bir o‘qiyman. Ulardan birida kelin qidirayotgan talabgor uning go‘zal, muomalali, pazanda, o‘qimishli, uyli-joyli bo‘lishi lozimligini istayapti. Negaki, kuyov bo‘lmish hayotda juda ko‘p narsalarga erishmoqchi ekan. Ya’ni uyli xotin topsa, bunday tashvishdan xoli tarzda yuksak marralar sari intilarmish.

Boshqa bir e’londa esa kelin bo‘lmish tashqi qiyofasi ko‘rkam, oliy ma’lumotli, ingliz tilida erkin so‘zlasha oladigan, muomala madaniyati yuqori va yana qator zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishi zarurligi ko‘rsatilgan. Ushbu e’lon bilan tanishgach, uning muallifi ishga taklif qilyaptimi yoki kelinlikka, degan savol paydo bo‘ldi.

E’lonlar orasida ayniqsa, ikkinchi ro‘zg‘or uchun xotin izlayotganlar kishini o‘yga toldiradi. Bunday istaklar ko‘plab uchraydi. Eng qizig‘i, talabgor erkaklar ichida yoshi bir joyga borib qolganlar ham yo‘q emas. Jumladan, ikkinchi ro‘zg‘orga “status”i ostidagi e’lonlarning deyarli barchasi kishining g‘ashini keltiradi. Misol uchun, ana shunday mazmundagi e’lonlardan birida kelin bo‘lmishning rus tilini mukammal bilishi, kelishgan qomatli bo‘lishi, agar farzandi bo‘lsa, albatta, uy-joyli bo‘lishi lozimligi ta’kidlangan.

... Faqat ajrashgan, Toshkent shahrida yakka o‘zi alohida yashaydigan ayollar telefon qilsin, yoshining ahamiyati yo‘q, alohida yashamaydiganlar bezovta qilmasin, deb yozadi bir “kuyov” tushmagur. Boshqa nomzod esa alohida yashaydigan, uy-joyli ayol izlayotgani, o‘zi esa uydan boshqa hamma imkoniyatlarni yaratib berishga qodirligini aytadi. Yana bir e’londa: “Xotinimning xabari bor, to‘ydan keyin bitta hovlida yashaymiz”, deb yozilgan.

Kuyovlikka da’vogarlardan boshqa biri ikkinchi ro‘zg‘orga, deya xotin izlayotgan ekan. “O‘yin uchun emas, niyatim jiddiy, mustahkam oila qurish maqsadidaman”, deya iddao qiladi u. Hatto bir ayol, eri uchun ikkinchi ro‘zg‘orga kelin qidirayotgan ekan. U sho‘rlik: “Erimni men bilan talashmay opa-singil bo‘lib yashaydigan iymonli qiz bo‘lsin”, deya nola qiladi.

Yana bir e’lonni o‘qib, to‘g‘risi, kulishni ham, kuyinishni ham bilmay qoldim. Unda bir qiz chamasi 60 yoshdagi onasini kelinlikka nomzod sifatida ko‘rsatar ekan, kuyov bo‘lmish o‘ziga to‘q, onasini dunyo bo‘ylab sayohatlarga olib chiqadigan darajada mehribon va g‘amxo‘r bo‘lishini talab qiladi.

Xullas, telegramdagi “Sovchilik xizmati”ni sog‘lom aql bilan o‘qigan kishi borki, hayratdan yoqa ushlashi tabiiy. Achinarlisi, ayni paytda ushbu xizmatga ishi tushayotganlarning ota-onasi ham bunga tabiiy qarashmoqda. Bu borada avvalo, yoshi ulug‘lar to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmas ekan, muammo battar ildiz otaveradi.

Darvoqe, ushbu xizmatlar balki kimlar uchundir yaxshilikka xizmat qilayotgandir.Biroq gap or-nomus, sharm-hayo, g‘urur, qadr va andisha kabi masalalar haqida ketar ekan, bunday yuksak fazilatlarni oyoq osti qilishga uringanlarning ko‘zlariga tik qarab: “Bunga aslo haqingiz yo‘q!” deb baralla aytgimiz keladi.

 

Feruza EGAMOVA

Manba: O‘zA

Kiritildi: 15:06 11.06.2019. O'qildi: 3467 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!