Bugun 10 aprel, 2026 yil, juma

КИР

Amir Temur Haj ziyoratiga borganmi?

A A A
Amir Temur Haj ziyoratiga borganmi?

Sohibqiron har doim musulmon ruhoniylarining barcha namoyondalari bilan o‘ta do‘stona munosabatda bo‘lgan. Bu unga otasidan o‘tgan hislat edi.

Padari buzrukvori Tarag‘ay islomda taqvodor bo‘lib, ko‘p vaqtini darveshlar bilan o‘tkazardi. Chig‘atoy ulusining nufuzli beklaridan biri bo‘lgan bu bahodir – shayx Shamsiddin Kulolni o‘ziga pir tutgandi. Sohibqironning ham bu pirga ixlosi juda kuchli bo‘ldi. Saltanatni boshqargan chog‘larida ham ushbu piri qabrini ziyorat qilib turdi. Temur o‘ziga pir deb bilgan avliyolar soni ortib bordi.

Sohibqiron shariat arkonlarini mustahkamlash, islom dini qonun-qoidalariga qat’iy rioya qilinishiga alohida e’tibor berdi. Islom dinini yoyishga butun kuch-quvvatini sarfladi. Tarixda islom dini va uning qonun-qoidalarining otashin homiysi sifatida nom qoldirdi.

ULUG‘ PIRLAR DUOSI IJOBAT BO‘LDI

Temur piri murshidlar, ruhoniy (ma’naviy) ustozlarga o‘z saroyining to‘ridan joy berdi. U har vaqt o‘zi ham shariat qonun-qoidalariga qat’iy amal qildi. Tarixchi Ibn Arabshohning qayd etishicha, shayx Shamsiddin Kuloldan olgan duosini Sohibqiron doimo o‘z muvaffaqiyatlarining eng birinchi sababi deb bilgan.

Amir Temur pirlaridan biri, asli Makka shahridan bo‘lgan Sayyid Baraka 1370 yilda Balx qal’asi egallanishidan oldin Temurning oldiga keladi. Ulug‘ shayx Temurga hokimiyat ramzi hisoblangan nog‘ora va bayroq tutqazib, uning porloq kelajagidan bashorat qiladi.

Bundan tashqari, Sayyid Baraka o‘z duosi bilan Sohibqironning g‘animlarga qarshi kurashida ham uni qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, Ibn Arabshohning ma’lumot berishicha, 1391 yilda o‘rta asrlardagi eng yirik janglardan biri – Qunduzcha jangi oldidan Sayyid Baraka duo qilib, omad tilagani uchun Amir Temur undan g‘oyatda mamnun bo‘lgan.

1391 yil 18 iyun – jang kuni erta tongda Sohibqiron qo‘shini ko‘z o‘ngida otdan tushib, Allohdan madad tilab ikki rakat namoz o‘qiydi. Har ikki tomondan 500 mingga yaqin jangchi ishtirok etgan muhoraba Sohibqiron g‘alabasi bilan yakunlanadi.

DAMASHQQA TASHRIFNI JOMEDAN BOSHLAGAN

Temur o‘zi zabt etgan mamlakatlarda ham ruhoniy rahbarlarni himoyasiga olardi. Ko‘pincha ular shaxsan Sohibqiron huzuriga keltirilardi. Amir Temurda katta taassurot qoldirsalar, ularni o‘z saroyida yoki Samarqandda xizmat qilishga taklif etar yoki o‘z mamlakatlarida qolishlariga bag‘rikenglik bilan ruxsat berardi. Temur din ulamolarini doimo omonlikda saqlagan.

Sohibqiron aziz avliyolar hurmatini bajo keltirib, ular xotirasiga alohida ehtirom bilan qaragan. O‘rta asr tarixchilari tomonidan manbalarda qayd etilishicha, “Dunyo jannati” deb atalgan Damashq shahrida turganida Muhammad payg‘ambarning xotinlari Umm Salama va Umm Habibaning maqbaralari ustiga munosib gumbazlar qurdiradi. Damashqqa kelganining birinchi kuniyoq Temur, eng avval, umaviylarning mashhur Jomesini ziyorat qilib, unda namoz o‘qiydi.

Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilishicha, Amir Temur tasavvufning mashhur namoyondalaridan biri, xalq orasidagi “Madinada Muhammad, Turkistonda Xoja Ahmad” degan naql sohibi Ahmad Yassaviyning Yassi shahridagi qabrini ko‘p ziyorat qilgan. Uning farmoniga ko‘ra bu tabarruk shayxning qabri ustida ulkan maqbara majmui bunyod etilgan. Binoning loyihasini ishlab chiqishda Temurning o‘zi shaxsan ishtirok etgan.

SOHIBQIRONNING QAT’IY ODATI

Mualliflar jamoasi tomonidan yaratilgan “Amir Temur jahon tarixida” nomli kitobda qayd etilganidek, aziz avliyolarning mozorlarini va muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish Sohibqiron uchun qat’iy odat edi. Temur har qachon, hatto harbiy yurishlari paytida ham bu odatga so‘zsiz amal qilardi. Aziz avliyolarning mozorlari joylashgan shaharlarga zoti poklarning hurmati yuzasidan ziyon-zahmat etishiga yo‘l qo‘ymasdi.

Mashhur arab tarixchisi va mutafakkiri Ibn Xaldun (1332–1406) qamal qilingan Damashqqa kelib qoladi. Shu asnoda u Amir Temur tomonidan qabul qilinadi va ikki buyuk inson o‘rtasida uzoq va maroqli suhbat bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv chog‘ida mashhur tarixchi Sohibqironga Qur’oni karimning go‘zal bir nusxasini hadya qilganda Amir Temur shoshilinch o‘rnidan turib, muqaddas kitobni o‘pib boshiga qo‘ygan.

Amir Temur boshqa davlatlar, ayniqsa, musulmon davlatlari boshliqlariga yo‘llagan maktublarida Qur’on oyatlaridan ko‘p foydalanardi. Masalan, 1393 yilda quldan chiqqan hukmdor – Misr sultoni Barquqqa jo‘natgan ikkinchi maktubida Sohibqiron tegishli o‘rinlarda etti marta muqaddas kitobdan oyatlar keltirib, o‘z fikrini ifoda qilgan.

HAJ HAQIDAGI O‘YLAR

Umrining oxirlarida, xususan, usmonli turk sultoni Boyazid Yildirim ustidan 1402 yilda Anqara jangida qozongan g‘alabasidan keyin Amir Temur “Shaharlar onasi” Makkai mukarramani ziyorat qilib, haj ibodatini ado etishni maqsad qilgan.

XV asrning mashhur Misr tarixchisi Ibn Tag‘riberdining “Misr va Qohira podshohliklarida ko‘rinuvchi yulduzlar” asarida yozilishicha, 1404 yilda Sohibqironning Makkai mukarrama ziyoratiga kelishi haqida muqaddas shaharda xabar tarqalgan. Makka amiri Turon mamlakati sohibini munosib ravishda kutib olishga hozirlik ko‘rgan. Biroq noma’lum sabablarga ko‘ra Sohibqironning ushbu ziyorati amalga oshmay qoldi.

Sohibqiron hayotida bu muqaddas maskan bilan bog‘liq voqealar ham bo‘lgan. Masalan, Damashq qamali vaqtida shahar qal’asida muqaddas shaharlar – Makka va Madinaga tegishli bo‘lgan vaqf erlaridan yig‘ib olingan g‘alla hosili yashirib qo‘yilgani xabari Amir Temur qulog‘iga etadi. U ushbu g‘allani darhol sottirib, tushgan mablag‘ni Makka va Madina shaharlari amirlari ixtiyoriga yuboradi. Quddusi sharifga ham Sohibqiron nomidan qimmatbaho sovg‘alar jo‘natiladi.

Alisher EGAMBERDIYEV,

O‘zbekiston Milliy universiteti

Tarix fakulteti talabasi

Kiritildi: 07:15 04.11.2019. O'qildi: 10490 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!