Qozonlar ichiga yashirilgan narkotik moddalar fosh qilindi.
Giyohvandlik vositalari kontrabandasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Chegara qo‘shinlari hamda Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida yirik miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.
Xususan, Afg‘onistondan «Termiz avtoyo‘l» xalqaro o‘tkazish punkti orqali kirib kelgan, oldindan kuzatuvga olingan Denov shahrida yashovchi, 1990 y.t. fuqaro boshqaruvidagi «Hyundai» rusumli yuk avtomashinasi chuqurlashtirilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazildi.
Natijada, uning yukxonasida bo‘lgan jami 750 dona afg‘on qozonlarining 210 donasi ichiga xufiyona tarzda yashirilgan, umumiy taxminiy og‘irligi 190 kg 800 grammni tashkil etuvchi «gashish» moddasi borligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu afg‘on qozonlari ishlab chiqaruvchi tomonidan Markaziy Osiyo respublikalaridan biridagi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt nomiga yuborilayotgan bo‘lgan.
Hozirda holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.