Amerikaning Boeing aerokosmik kompaniyasi 2028 yilda oltinchi avlod F-47 qiruvchi samolyotining birinchi parvoz sinovlarini boshlash niyatida. Bu haqda Dubai Airshow ko‘rgazmasida Defense, Space & Security bo‘linmasi rahbari Stiv Parker ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Next Generation Air Dominance (NGAD) dasturi doirasida yaratilayotgan samolyot allaqachon ishlab chiqarilmoqda. AQSh harbiy-havo kuchlari rejalariga ko‘ra, bunday mashinalarning kamida 185 tasini xarid qilish ko‘zda tutilgan.
F-47’ning batafsil texnik xususiyatlari hozircha oshkor qilinmagan bo‘lsa-da, jangovar radiusi 1,6 ming km dan oshishi, maksimal tezligi esa 2 Max (soatiga 2 248 km) dan yuqori bo‘lishi ma’lum. Qiruvchi takomillashtirilgan stels ko‘rsatkichlariga ega bo‘ladi va to‘qnashuv chizig‘idagi uchuvchisiz qurilmalar guruhini boshqarishning asosiy elementiga aylanadi.
NGAD dasturi oltinchi avlod boshqariladigan qiruvchi samolyoti va jangovar qo‘llab-quvvatlash dronidan tortib yangi AIM-260 taktik raketasigacha bo‘lgan tizimlarning butun majmuasini, shuningdek, bir qator potensial maxfiy loyihalarni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi. Mart oyida AQSh prezidenti Donald Tramp F-47 ustida bir necha yildan beri ish olib borilayotganini aytib, samolyot tezlik, manyovr qilish va qurollanish bo‘yicha favqulodda imkoniyatlarga ega ekanini ta’kidlagandi.