"Hizbulloh" tashkilotining bosh kotibi Naim Qosim Livan hukumatini Bayrut xalqaro aeroportiga Eron samolyotlarining qo‘nishini taqiqlash to‘g‘risidagi qarorini qayta ko‘rib chiqishga da’vat etdi. Bu haqda u Al Manar telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Livan hukumati fevral oyida AQShning bosimi ostida, Isroil aeroportni bombardimon qilishi mumkinligidan xavotirlanib, shunday qaror qabul qilgan.
"Eron Livanga do‘st davlat bo‘lib, turli sabablarga ko‘ra livanliklarga yordam berishdan bosh tortayotgan ko‘pchilikdan farqli o‘laroq, xalqimizga zarur ko‘makni ko‘rsatmoqda, - dedi u. - Shu bois Bayrut va Tehron o‘rtasidagi havo aloqasi tiklanishi lozim."
Qosim "Amerika ko‘rsatmalariga bo‘ysunish Livanni halokat yoqasiga olib kelishi mumkinligi" haqida ogohlantirdi.
"Hizbulloh" tarafdorlari 13, 14 va 15 fevral kunlari Livan hukumati Eronning Mahan Air kompaniyasi samolyotlarini qabul qilishni rad etgani sababli Bayrut xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘ygan edi.