Ushbu rasmda ko‘rib turganingiz kolibri qushidir. Bu – qushlar olamidagi eng noyob va g‘aroyib jonzotdir.
Uni o‘rgangan olimlar aytishicha, ushbu qush o‘z juftini jalb qilish uchun qo‘qqisdan yuqoridan pastga sho‘ng‘ishni amalga oshira oladi. Bunday harakat havoda bajariladigan eng tezkor manyovr bo‘lib, u mana shunday tezlikda manyovr qilish bo‘yicha qiruvchi reaktiv samolyot yoki fazodan qaytib, atmosfera qobig‘iga kirayotgan kosmik kema harakatidan ham ustun turar ekan.
Kolibrilar Yer sharining g‘arbiy qismida, aniqrog‘i, Shimoliy va Janubiy Amerikada, Alyaskadan to Olovli Yer oroligacha bo‘lgan hududlarda yashaydi.
Ular turli ranglarda tovlanadigan chiroyli qushlardir. Kolibri o‘zining keskin pastga sho‘ng‘ishlari, yerga tegishiga oz qolganda to‘xtab, qanotlarini yozgan holda yuqoriga harakatlanishi bilan mashhur. U bu harakatlarni juftiga yoqish uchun bajaradi.
Kolibrilarning 350 dan ortiq turi bor. Ularning orasida uzunligi 22 santimetrli And tog‘larida yashovchi turi ham, uzunligi 5 santimetr, vazni 1.8 gramm keladigan asalari kattaligidagi kolibri ham bor. Bunday kichik kolibrilar tez-tez qurbaqalarning ozuqasiga aylanib turadi.
Ba’zi kolibrilar qanotini bir soniyada taxminan 80 martagacha, ba’zilari 25 marta atrofida qoqadi. Ayrim turlari esa juftlashish mavsumida qanotlarini soniyasiga 200 martagacha qoqishi mumkin. Inson bir soniyada qo‘lini bir marta qimirlatadi. Agar u ham kolibriga o‘xshab 80 ta yoki 25 marta qimirlatadigan bo‘lsa, qo‘li sinib, maydalanib ketishi mumkin.
Kolibrilar gullar nektari, daraxtlar shirasi, ba’zi o‘simlik va hasharotlar bilan oziqlanadi. Ularning dushmani burgut va qarg‘alardir.
Kolibri orqaga ham ucha olishi bilan dunyodagi barcha qushlardan ajralib turadi.
Kolibrilarning tumshug‘i turlicha: ingichka uzun, biroz yoki ko‘proq pastga egilgan, qisqa va juda uzun bo‘ladi.
Ularning dumi ham turli ko‘rinishda bo‘lib, ba’zilarining dumi juda uzun va shakldor bo‘ladi.
Ushbu kichik qushlar bir daqiqada 250 martagacha nafas oladi.
Yuragi esa bir daqiqada 480 martagacha uradi. Tezkor harakatlar chog‘ida yurak urishi taxminan 1260 martagacha yetishi mumkin.
U havoda muallaq turib, qanotlarini qoqqan va muvozanatni saqlagan holda gul nektari bilan oziqlanadi.
Inini mayin shoxlar, o‘simlik qoldiqlaridan doira shaklida qurib, uni o‘rgimchak uyasi ipiga qorishtirib, mustahkamlab chiqadi. Natijada, qo‘ygan tuxumi va polaponlari qattiq shoxda emas, yumshoq inda unib-o‘sishiga erishiladi.
Vertolyotlar kolibrilardan andoza olib tayyorlangan.
Xo‘sh, kolibriga havoda muallaq turib oziqlanish imkonini kim bergan?
Inini o‘rgimchak uyasi ipiga qorishtirib, yumshoq qilib qurishni unga kim ta’lim bergan?
Orqaga uchishni unga kim o‘rgatgan?
Qanotlarini bir soniyada bu qadar ko‘p qoqishni unga kim ta’lim bergan?
Shunchalik ko‘p qanot qoqish uchun unga bu darajadagi quvvatni kim ato etgan?
Albatta, bularning barchasini unga Buyuk Xoliq Alloh taolo ato qilgandir!
U Zot Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
أَلَمْ يَرَوْاْ إِلَى الطَّيْرِ مُسَخَّرَاتٍ فِي جَوِّ السَّمَاء مَا يُمْسِكُهُنَّ إِلاَّ اللّهُ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِّقَوْمٍ يُؤْمِنُونَ
“Osmon bo‘shlig‘idagi beminnat, bo‘ysundirilgan qushlarga qaramaydilarmi? Ularni faqatgina Alloh ushlab turadi, xolos. Albatta, bunda iymon keltiradigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir” (Nahl surasi, 79-oyat).
Alloh taolo bizga yaratgan barcha maxluqotlari haqida tafakkur qilib borishimizni, O‘ziga bo‘lgan ixlosimiz, muhabbatimiz yanada ziyoda bo‘lishini nasib etsin!
Manba: muslim. uz