Bugun 19 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Alloh xohlagan narsani yaratur

A A A
Alloh xohlagan narsani yaratur

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo Anbiyo surasida marhamat qiladi:

ﮓ ﮔ ﮕ ﮖ ﮗ ﮘ ﮙ ﮚ ﮛ ﮜﮝ ﮞ ﮟ ﮠ ﮡ ﮢ ﮣﮤ ﮥ ﮦ ﮧ

«Kufr keltirganlar osmonlaru yer bitishgan bo‘lganini, bas, ularni ochganimizni va suvdan har bir tirik narsani qilganimizni bilmaydilarmi? Iymon keltirmaydilarmi?» (30-oyat)

Ushbu oyati karimaning ma’nosi xususida qadimgi va hozirgi tafsirchilarimiz o‘zlaridagi ilm, ma’rifat va boshqa tushunchalarga ko‘ra, bir necha xil fikrlar aytganlar. Jumladan, Ibn Abbos, Ikrima, Hasan va Qatoda roziyallohu anhumlar ham bu oyatni «Osmonlaru yer bir-biriga bitishgan bir narsa edi, Biz ularning orasini ochdik, so‘ngra suvdan tirik narsalarni paydo qildik» deb tafsir qilgani rivoyat qilingan.

Hozirgi zamondagi ba’zi tafsirchilarning fikrlari ushbu ma’noga yaqin keladi. Unga binoan osmonu yer, yulduzlaru quyosh – hamma-hammasi bir butun edi. So‘ngra Allohning irodasi ila ko‘p aylanish va ichki portlashlar oqibatida parchalanib, alohida-alohida bo‘lib ketdi. Quyosh alohida, yer alohida, oy alohida, yulduzlar alohida va boshqa narsalar ham alohida bo‘ldi. Suvdan esa barcha tirik narsalar, insonlar, hayvonlar va nabototlar paydo qilindi.

Bularning hammasi fikr va nazariyalardir. Hammasi ham oyati karimaning ma’nosini tushunishga urinishdir. Oyatning haqiqiy ma’nosini Allohning O‘zi biladi. Biz esa oyatning ma’nosini ongimiz yetganicha tushunishga harakat qilamiz, xolos. Qur’on haqiqiy ilohiy Kitob bo‘lganidan hamda zamonlar osha insonning o‘zgaruvchi ilmidan doimo ustun turishidan quvonamiz. Iymonimiz yanada mustahkam bo‘ladi. Ilmiy kashfiyotlar, xususan, nazariyaga bog‘liq ilmlar bugun bir fikrni aytsa, ertaga boshqasini aytadi. Ammo Qur’on mag‘rur va sobit turadi. Ilmiy nazariyalar o‘zgaruvchan, Qur’on o‘zgarmasdir. Shu bilan birga, Qur’on ilmiy nazariyalar to‘plami ham emas. Balki ba’zan ilmga oid ma’lumotlarga murojaat qilsa ham, ularni iymonga da’vat yo‘lida ishlatadi. Ana shunda haqiqiy ilm egalari hidoyat topadilar. Shu o‘rinda hozirgi kun ilmining falakiyot nazariyasi Qur’oni Karim bundan o‘n to‘rt asr ilgari bir oyatning yarmida aytib o‘tgan ma’lumotni takrorlayotganini ham eslatmoqchimiz. Faqat ilmiy dalilga ishonamiz, deydiganlar Qur’onning ilohiy Kitob ekaniga endi tan berishlari kerak. Aks holda da’volari nohaq bo‘lib chiqadi.

Ushbu oyati karimaning ikkinchi qismidagi:

«...va suvdan har bir tirik narsani qilganimizni…» degan ma’noni Qur’ondan bir ming to‘rt yuz yil keyin takrorlagan ayrim odamlar ulug‘lanmoqda. Kishilar ularga tahsinlar o‘qimoqda. Nomlari ko‘klarga ko‘tarilmoqda. Ammo nega bu haqiqatni bir ming to‘rt yuz yil ilgari ta’kidlagan Kitobning ilohiyligini tan olmaydilar? Agar odamlar haqiqatda ham ilm egalari bo‘lsalar, ilmiy dalilga ishonsalar, shu haqiqatni bundan bir ming to‘rt yuz yil ilgari aytgan Qur’onga «Iymon keltirmaydilarmi?»

Ilm-fan anchagina rivojlanib olgachgina, hujayraning asosiy qismi sanalgan sitoplazmaning 80 foizi suvdan iborat ekani bizga ma’lum bo‘ldi. So‘nggi tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ko‘p organizmlar 50-90 foiz atrofida suvdan tarkib topgan ekan, shuningdek, har bir tirik jon yashash uchun suvga o‘ta muhtoj ekani ham ma’lum narsa.

O‘n to‘rt asr ilgari insoniyatga har bir tirik narsa suvdan yaratilgani ma’lum narsamidi? Buning ustiga, har doim suv taqchil bo‘lib kelgan Arab sahrolarida yashagan kishining shunchalik darajadagi «topqirligi» qanchalik haqiqatga yaqin?

Alloh taolo Nur surasida marhamat qiladi:

ﭝ ﭞ ﭟ ﭠ ﭡ ﭢﭣ ﭤ ﭥ ﭦ ﭧ ﭨ ﭩ ﭪ ﭫ ﭬ ﭭ ﭮ ﭯ ﭰ ﭱ ﭲﭳ ﭴ ﭵ ﭶ ﭷﭸ ﭹ ﭺ ﭻ ﭼ ﭽ ﭾ ﭿ

«Alloh hamma jonzotni suvdan yaratdi. Bas, ulardan ba’zilari qorni bilan yuradi, ba’zilari ikki oyoq bilan yuradi va ba’zilari to‘rt (oyoq) bilan. Alloh O‘zi xohlagan narsani yaratur. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir» (45-oyat).

Bundan oldingi oyatlarda bulutlarning haydalishi, ulardan yomg‘ir yog‘ishi, tog‘ kabi yuksaklardan do‘l tushib, kimlargadir musibat yetkazishi, kimlarnidir chetlab o‘tishi, chaqmoq chaqishi va kechayu kunduzning almashinishi kabi Allohning Biru Borligiga, cheksiz qudratiga dalolat qiluvchi tabiat hodisalariga diqqat qaratilgan. Ushbu oyatda esa kishilarning e’tibori yer yuzidagi jonivorlarga tortilmoqda:

«Alloh hamma jonzotni suvdan yaratdi».

Bu qur’oniy haqiqat. Boshqalar nima deyishining ahamiyati yo‘q. Chunki hamma, kim bo‘lishidan qat’i nazar, taxmin bilan gapiradi. Alloh esa doimo haqni so‘zlaydi. Qur’onda «Alloh hamma jonzotni suvdan yaratdi», deyilganmi, demak, shunday. Allohdan boshqa barcha birlashib, suv va undan boshqa hamma vositayu ashyolarni ishga solganda ham, birorta jonivorni yarata olmagan, yarata olmaydi ham. Eng arzimas sanalganlarini ham Allohdan boshqa hech qanday zot yarata olmagan. Dunyodagi sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan jonzotlarning har biri Alloh taoloning Biru Borligiga yorqin dalildir. Buning ustiga, ularning turli-tumanligini aytmaysizmi?!

«Bas, ulardan ba’zilari qorni bilan yuradi...»

Ularni qorni bilan yuradigan qilib yaratgan Zot – Alloh. U Zotdan boshqa kim bunaqa jonzotni yarata oladi?!

«...ba’zilari ikki oyoq bilan yuradi va ba’zilari to‘rt (oyoq) bilan».

Ularni ham Alloh shu qobiliyat bilan yaratgan. U Zotdan boshqa kim ikki yoki to‘rt oyoq bilan yuradigan jonivorlarni yarata oladi?!

«Alloh O‘zi xohlagan narsani yaratur».

Uning xohishini cheklaydigan zot yo‘q. Xohlagan shaklda, xohlagan sifatda, xohlagan siyratda yarataveradi.

«Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir».

Uning qudrati cheksizdir. Shuning uchun ham U Zotga iymon keltirib, ibodat qilmoq shart.

ﯬ ﯭ ﯮ ﯯ ﯰ ﯱ ﯲ ﯳ ﯴﯵ ﯶ ﯷ ﯸ ﯹ

«U suvdan bashar yaratgan va uni nasl-nasab, quda-anda qilib qo‘ygan Zotdir. Robbing qodir Zotdir» (54-oyat).

Arab tiliga xos bo‘lgan xususiyatlar bois tafsirchi ulamolarimiz oyati karimadagi «nasl-nasab»ga «o‘g‘il», «quda-anda»ga «qiz» deb ma’no berganlar. Chunki bir urug‘ yoki oilaning nasabi saqlanishiga o‘g‘il bola sabab bo‘lsa, boshqalar bilan quda bo‘lishiga qiz bola sabab bo‘lar ekan. Shunda

«U suvdan bashar yaratgan va uni nasl-nasab, quda-anda qilib qo‘ygan Zotdir» jumlasining ma’nosi «Alloh suvdan odam yaratgan va o‘sha odamni erkak va ayol qilib qo‘ygan Zotdir» degani bo‘ladi.

Bunga Allohdan o‘zga kim qodir bo‘ladi? Hech kim!

«Robbing qodir Zotdir».

Ey Payg‘ambar, sening Robbing har bir narsani, shu jumladan, arzimagan suvdan murakkab insonni ham yaratishga qodir Zotdir.

Manba: islom. uz

Kiritildi: 22:00 25.09.2019. O'qildi: 7295 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!