Albaniya poytaxti Tiranada hukumatga qarshi namoyishlar kuchayib, talabalar va polisiya o‘rtasida ketma-ket ikkinchi kun to‘qnashuvlar yuz berdi. Namoyishchilar Ta’lim vazirligi binosiga o‘t qo‘ydi, Moliya vazirligiga esa hujum qildi.
«Tasnim» agentligi xabar berishicha, chorshanba kuni yuzlab kishi bosh vazir Edi Ramaning idorasi va ikki vazirlik binosi tomon yurish qilgan. Asosan talabalardan iborat namoyishchilar bosh vazirning iste’fosini talab qilgan.
Ayrim namoyishchilar to‘siqlar o‘rnatib, polisiyaga toshlar va Molotov kokteyllarini otgan. Polisiya ularga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv to‘plaridan foydalangan.
Xabarlarga ko‘ra, ikki namoyishchi Ta’lim vazirligi devoridan oshib o‘tib, binoga o‘t qo‘ygan. Oqibatda binodan quyuq qora tutun ko‘tarilgan, biroq o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni tezda bartaraf etgan. Namoyishchilar Moliya vazirligi eshiklarini sindirib, bino ichiga ham kirgan. Keyinchalik bosh vazir idoralari tomon yo‘l olgan ayrim ishtirokchilar binoga tosh otgan. Bank filialida ham derazalar sindirilib, hujjatlar yoqib yuborilgan.
Namoyishlar seshanba kuni ham davom etgan. O‘shanda ishtirokchilar Tirana shahar hokimiyati binosiga hujum qilib, uni yoqib yuborgan va boshqa binolarga zarar yetkazgan. Polisiya ma’lumotiga ko‘ra, o‘nga yaqin kishi hibsga olingan.
Albaniyada hukumatga qarshi noroziliklar may oyi oxiridan beri davom etmoqda. Ularning sabablaridan biri — muhofaza qilinadigan sohil hududida hashamatli mehmonxona qurish rejasi. AQSh prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka Tramp va uning turmush o‘rtog‘i Jared Kushner bilan bog‘liq loyiha korrupsiya hamda shaffoflik yetishmasligi haqidagi e’tirozlarga sabab bo‘lgan.
Talabalar esa o‘qish to‘lovlari yuqoriligi va universitetlardagi sharoitlar yomonligidan ham norozi.
Tiranadagi Yevropa Ittifoqi delegasiyasi zo‘ravonlikning kuchayishidan xavotir bildirib, barcha tomonlarni vazminlikka chaqirgan. Shuningdek, namoyishchilar va jurnalistlarga nisbatan polisiya kuch ishlatgani haqidagi xabarlarni zudlik bilan tekshirish zarurligini ta’kidlagan.
Albaniya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga nomzod davlat hisoblanadi. Mamlakat 2030 yilgacha ittifoqqa qo‘shilishni maqsad qilgan. Biroq kuchayib borayotgan ichki noroziliklar mamlakatdagi siyosiy vaziyat va Yevropa integrasiyasi jarayoniga nisbatan e’tiborni oshirmoqda.