Malumki, so‘nggi paytlarda konsert-tomosha sohasida artistning odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan xatti-harakatlar qilishi hamda tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qiluvchi, konsert tadbirlarida repertuaridagi saviyaviz va noo‘rin qo‘shiqlar kuylagani, axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi holatlarga yo‘l qo‘ygani uchun ayrim ijodkorlar ijtimoiy tarmoqlar orqali tomoshabinlar va san’at muxlislarining haqli e’tirozlariga hamda muhokamalariga sabab bo‘lishmoqda.
Jumladan, aktrisa va boshlovchi Nilufar Hamidova «Million» ijodiy jamoasi konsert dasturida tashkilotchilarning e’tiroziga qaramay, ochiq libosda sahna ko‘rinishini taqdim etgan. Bu harakati bilan u konsert-tomosha faoliyati uchun berilgan lisenziya talab va shartlarini buzgan.
Shu bois «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi mas’ul xodimlari tomonidan aktrisa va boshlovchi Nilufar Hamidova bilan suhbat o‘tkazilib, bundan buyon lisenziya talab va shartlariga rioya qilishi, agarda shu kabi holat yana takrorlanadigan bo‘lsa, unda qonuniy chora ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.
Shuningdek, bu borada «Million» ijodiy jamoasi rahbari D.Kabulov bilan ham suhbat o‘tkazilib, jamoaning keyingi dasturlariga aktrisa N.Hamidovani jalb etmaslik masalasi ko‘rib chiqilganini ma’lum qilamiz.