Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan “Toshkent” xalqaro aeroportiga ishga joylashtirib qo‘yish bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holatlari aniqlandi.
Firibgarlar ma’lum pul miqdori evaziga poytaxtning havo bandargohiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qiladi, biroq, pulni olganidan so‘ng qaytib aloqaga chiqmaydi.
“Uzbekistan Airports”dan ma’lum qilishlaricha, ayni paytda O‘zbekiston aeroportlariga ishga qabul qilish faqatgina nomzodlarni tanlov asosida saralashga asoslangan elektron tizim orqali amalga oshiriladi. Bu mutaxassislarni tanlab olish jarayonining shaffofligini ta’minlaydi va samaradorligini oshiradi, pul evaziga bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilayotgan firibgarlarning qarmog‘iga tushib qolish ehtimolini kamaytiradi.
Elektron tizim yordamida 284 ta bo‘sh ish o‘rinlari uchun tanlov o‘tkazildi va 218 nafar yangi mutaxassis ishga olindi.
Mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi to‘liq ma’lumotni vacancyuzairports.uz rasmiy sayti yoki t.me/vacancyuzairports telegram kanali orqali olish mumkin. “Uzbekistan Airports” boshqaruv kompaniyasi va xalqaro aeroportlar, shuningdek, “UzPort” xendling kompaniyasi va “UzCargo” pochta-yuk majmuasi sho‘’ba kompaniyalarining mavjud vakansiyalari elektron platformada ochiq holda joylashtiriladi.