Hafta boshida Afg‘oniston sharqida yuz bergan shiddatli suv toshqinlari oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, 80 kishi tan jarohati oldi va 100 dan ortiq kishi bedarak yo‘qoldi.
Mamlakat Tabiiy xatarlarni boshqarish milliy agentligi vakili Yusuf Hammad yo‘qolganlarni topish hamda ularni xavfsiz joyga ko‘chirish bo‘yicha qutqaruv operasiyasi olib borilayotganini bildirdi.
"Afsuski, Porun shahri va Nuriston viloyatining boshqa bir qancha hududlarida yuz bergan shiddatli toshqinlar katta talafotlar va mulkiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ldi. Aholining uylari, ekin maydonlari va jamoat ob’ektlariga jiddiy zarar yetgan", — dedi Hammad.
“Tolibon” rasmiylarining ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda mamlakatdagi 10 ta hududda kuchli yomg‘ir, momaqaldiroq va shiddatli shamollar davom etishi kutilmoqda.