O‘zbekiston futbol assosiasiyasi matbuot xizmati rahbari va sharhlovchi Davron Fayziyev “90minut” podkastida Abduqodir Husanov haqida qiziqarli ma’lumotni taqdim etdi.
Suhbat davomida Fayziyev o‘zbekistonlik himoyachining UYEFA Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi javob uchrashuvida “Real Madrid”ga qarshi o‘yinidagi taassurotlari haqida so‘zlab berdi.
Fayziyev Abduqodirdan: “Real” safida Vinisius Junior, Kilian Mbappe va Jud Bellingemga qarshi o‘ynading. Qaysi futbolchiga qarshi kurashish eng qiyin bo‘ldi?, deb so‘raganini aytib o‘tdi”.
Husanov garchi o‘yin davomida bir necha bor to‘qnash kelgan bo‘lsa-da, na Mbappeni, na Vinisiusni tilga olmagan. Balki u Bellingem nomini aytgan: “Jud jismoniy jihatdan juda kuchli, uni to‘xtatish esa nihoyatda qiyin, deya ta’kidlagan”.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov “Real”ga qarshi dastlabki bahsda maydonga tushmagan edi. U Madriddagi javob uchrashuvida to‘liq harakat qilgan. “Manchester Siti” esa ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 3:6 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqadagi ishtirokini erta yakunlagan.
Ma’lumot uchun, Abduqodir Husanov qishki transfer oynasi paytida “Lans” klubidan “Manchester Siti”ga o‘tgan edi. U klub safida hozirgacha 9 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ygan.