Sky Sports News jurnalisti Ben Rensomning xabar berishicha, «Manchester Siti» jamoasining so‘nggi mashg‘ulotida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov ishtirok etmagan.
Klub rahbariyati xalqaro tanaffus davomida Husanov jarohatidan to‘liq tiklanib, mashg‘ulotlarga qaytishiga umid qilgan edi, ammo hozircha bu ro‘y bermadi. Shu bois, o‘zbekistonlik futbolchi 18 oktyabr kuni o‘tkaziladigan "Everton"ga qarshi bahsni o‘tkazib yuboradi.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 21 sentyabr kuni «Arsenal»ga qarshi bo‘lib o‘tgan (1:1) uchrashuvda tovonidan jarohat olgan edi va haligacha to‘liq tiklanmagan.
Joriy mavsumda o‘zbekistonlik futbolchi «Manchester Siti» safida barcha musobaqalar doirasida 5 ta o‘yinda maydonga tushdi.
Ayni paytda «Manchester Siti» Angliya Premyer-ligasi jadvalida beshinchi o‘rinni egallab turibdi.