“Protoday.uz” portali bir vaqtlar mashhur bo‘lgan va diltortar qo‘shiqlari bilan katta yoshli tinglovchilarini ko‘ngilni zabt etgan xonanda Abdulla Qurbonovni suhbatga chorladi.

— O‘zingizni birinchi galda qaysi o‘rinda ko‘rasiz? Omadli san’atkor, munosib farzandmi, havas qilgulik oila boshlig‘i yo mehribon ota?
— Omadli san’atkor. Maktab, institutda a’lo bahoga o‘qimaganman, omadim bilan shu darajaga yetdim. Ustozlarim “Onang senga so‘rg‘ich o‘rniga mikrofon berib katta qilgan”, derdi. Taqdirimda bor ekan, boshimga tushgan sinov orqali onam, rafiqamni yig‘lashiga sabab bo‘lganman. “Chiroyli sabr bersin, ko‘zyosh to‘kmanglar, hammasi iziga tushadi”, derdim. Bundan ta’sirlanib, “Ona yig‘lamasin” nomli qo‘shiq yozdim. Rafiqam bilan ham tortishib qolsak, “Araz uch kun”, deb darrov yarashib olaman. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. Shu bois to‘rt farzandim ko‘chadan yig‘lab kelganida “yaxshi yo yomon, debmi eslab turishganiga rahmat!” derdim.

— Nega ustozingiz Muhriddin Xoliqovning guruhidan chiqib, sizning ta’biringiz bilan aytganda, dodangiz O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovga shogird tushgansiz?
— Muhriddin akaning menga ancha mehnati singgan, u kishining “maktab”ida ko‘p narsani uqqanman. Bir kuni otamning yuragi bezovta qilganida, ustozga qo‘ng‘iroq qilib, xizmatga borolmasligimni aytganman. Kelib otamni holidan xabar olgan va xizmatga borishim kerakligini aytgan. “Xafa bo‘lsangiz ham borolmayman”, deganman. Ertasiga qo‘ng‘iroq qilsam, “Endi o‘z yo‘lingni top!” degan. Ko‘nglim bo‘lmay, uyiga bordim, qarori qat’iyligini aytdi va duosini oldim. Shogird tushganimga sal kam to‘rt yil bo‘lganida shu tariqa guruhdan chiqqanman. O‘shanda “Muhriddin akaning yuzini yerga qaratmay, o‘z yo‘limni topaman”, deya oldimga maqsad qo‘ygandim. Shunday qilib, Farrux Zokirovga shogird tushdim, besh yil birga ishladik.

— “Kerak bo‘lsa, musiqasiz ham ohangdan chiqmay, ovoz qaltiramay jonli ijroda kuylay olaman”, degandingiz. Hatto og‘ir kuningizda sabr bilan yoningizda turgan onangiz va rafiqangizga bag‘ishlab, “G‘iybatlarga ishonmang, biz yoningizdamiz, ayollar” deb nomlangan konsert dasturi ham bermoqchi edingiz. Jonli ijrodagi konsertdan esa darak yo‘q?
— Avvalo katta mablag‘ kerak. Nasib bo‘lsa, shu yil konsert berish rejamda bor. Faqat fonogrammadan ham foydalaniladi. Men uchun fonogramma bu – sifat. Konsert suratga olinib, diskda chiqarilgani uchun muxlislar sifatli konsert ko‘rishini xohlayman. Yo‘qsa, mikrofonsiz ham konsert bera olaman, gapimni manmanlikka yo‘ymang faqat.
— Nega “Onajonim”, “Go‘zal yorim” kabi dillarga yetib boradigan qo‘shiqlar yozolmayapsiz? Axir bu qo‘shiqlarning g‘oyasi o‘zingizga tegishli bo‘lgan-ku!
— Sevimli shoirimiz Muhammad Yusufning qalamiga mansub “Do‘st” qo‘shig‘im “xit” darajasiga yetdi. “Ona yig‘lamasin” qo‘shig‘im klipsiz ham ommalashdi. “Uchrashmadik”, “Zebo bo‘libsiz”, “Ra’no”, “Aldab nima qilasan?” qo‘shiqlarim ham nasib bo‘lsa “xit” bo‘ladi. Keyingi gal suhbatlashganimizda, “Abdulla aka, to‘g‘ri aytgan ekansiz”, desangiz ajabmas (kuladi).

— “Ostonangdan ketmay ko‘zing yog‘in yalab, ulfat hazar qilmas hatto tuhmatlardan” misrali “Do‘st” qo‘shig‘ingizni eshitib, Abdulla Qurbonovni jon-jonidan o‘tib ketganidan “do‘stlar”i haqida qo‘shiq kuylabdi-da, degan fikrga keldim…
— “Akajonim, ukajonim, jonimni berishga ham tayyorman”, deganlar boshimga sinov tushganda “O‘zi shunaqa yigit edi” deyishganini eshitdim. Ikki yil ichida ba’zi hamkasblarim, ulfatlarimning asl yuzini ko‘rdim. Ularga lom-mim demay ichimdagi gaplarni qo‘shiq orqali kuyladim. Do‘stdan kuygan ko‘pchilik “do‘st”iga “yorilolmay” gaplarini qo‘shig‘im orqali yetkazayotgan ekan (kuladi). “Do‘st”iga “Abdulla yangi qo‘shiq kuylabdi, eshit”, der ekan.

— Nojo‘ya xatti-harakatlaringiz natijasida obro‘ingiz to‘kilishi haqida o‘ylamaganmisiz yo yopiq qozon yopiqligicha qoladi, degan xayoldamidingiz?
— “Otimni o‘lishini bilganimda, bir qop kepakka almashgan bo‘lardim”, deyishgan. Boshimga tushgan sinov haqida ham “Beayb Parvardigor, har bandada bir ayb bor. Meni aybim to‘qligimdir, to‘qligimdan sho‘xligimdir” misrali qo‘shiq hozirlayapman. Bir yomonning yaxshisi bor. 2013 yil chet elda yashaydigan do‘stim Jaloliddin bilan qo‘ng‘iroqlashdim, oktyabrda ikkovimiz oilamiz bilan bir oy kemada sayr qilishga kelishdik. Rafiqam, to‘rt farzandimni olib, Floridadagi Disneylendga olib borishni ham reja qilib, bir yilga viza oldik. Lekin 27 avgust tarix zarvaraqlarida emas, yuragimda o‘chmas dog‘ bo‘lib qoldi. O‘sha sanada menga nisbatan jinoiy ish ochilib, chet elga borolmaganmiz…
Radioda esa biz sayr qilishni reja qilgan kema halokatga uchraganini eshitdim, oilam bilan bir o‘limdan qolganman-da.

— Nega duet qo‘shiqlaringiz yo‘q yo hamkasblaringiz siz bilan hamkorlik qilishni istashmaydimi?
— Yo‘q, rad etishmaydi. Duet qo‘shiq tayyorlab qo‘ydim, faqat ovozi bor ayol duetdosh tanlolmayapman.
— Bolalikda mashhur bo‘lganlar, ulg‘aygach “yulduzi” so‘nadi, deyishadi. Bu fikr sizning misolingizda ham isbotlangan…
— Mashhurlikning ham o‘z davri bor, hech nima abadiy emas-ku. “Yulduzlik kasalligi”ga chalinish, manmansirab ketishdan qo‘rqaman. Shukr, haligacha muxlislarim menga sodiq.

— Ko‘plab qo‘shiqlaringizdagi musiqa va so‘z uyg‘unligi yo‘qligi sezilib qoladi. Qo‘shiq ko‘ngildagidek boshlanadi-da, naqoratga kelganida “so‘z bo‘lsa bo‘ldi”, qabilida yozilgandek tuyuladi. Qo‘shiq she’rini o‘zingiz yozasizmi, professional shoirlar bilan ishlamaysizmi?
— To‘g‘ri, ba’zi qo‘shiqlarim she’rini o‘zim yozganman, lekin u so‘zlar yuragimdan quyilib kelgan. Shu bois ham muxlislar dilidan chuqur joy egallab ulgurgan.