Ma’lumki, joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tadi. Mazkur saylovda nomzodlar qatorida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri marhum Abdulla Oripovning to‘ng‘ich qizi – Yulduz Oripova ham nomzodini ilgari surgan. Uning nomzodi “Xalq” demokratik partiyasidan tuman deputatligiga ko‘rsatilgan. Bu haqda "Qalampir.uz" yozmoqda.
Yulduz Oripova 1971 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Ma’lumoti – oliy. 1993 yilda hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti rus filologiyasi fakultetini tamomlagan.
Yulduz Oripova jurnalistik faoliyati orqali yaxshi tanilgan. U ko‘p yillar “Yoshlar” teleradiokanalida muharrir, bosh muharrir, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida muharrir bo‘lib ishlagan. Ayni vaqtda “Xalq” demokratik partiyasi Mirzo Ulug‘bek tumani kengashi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Eslatib o‘tamiz, otasining vafotidan keyin Yulduz Oripova ukalari, singillari va onasi bilan merosni bo‘lishish masalasida sudga murojaat qilgandi. Onasi Xanifa Mustafoyevaning arizasiga ko‘ra, sud O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovdan qolgan uchta ko‘chmas mulk va bitta yengil avtomobil bo‘yicha ishni ko‘rib chiqqan.
Bular:
1. Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi 4 xonali kvartira
2. Qarshi shahri, “Neftchi” MFYda joylashgan kottej-uy
3. Toshkent viloyati, Qibray tumani, “Do‘rmon” QFY 9 sotixlik dala hovli
4. Captiva avtomobili