Bugun, 10 mart kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda TRT Haber xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Fidan suhbat davomida Turkiya havo hududining buzilishi qabul qilinmasligini aytib, Anqara bunga qarshi barcha zarur choralarni davom ettirishini bildirgan. Shuningdek, Fidan barcha tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni xavf ostiga qo‘yishi va fuqarolarga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishi kerakligini ta’kidlagan.
Aroqchi esa Turkiya havo hududiga yo‘naltirilgan raketalar Eronga aloqasi yo‘qligini va bu masala bo‘yicha keng qamrovli tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hukumat yig‘ilishidan so‘ng qilgan chiqishida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eronni xato qilishdan tiyilishga va qaysarlik qilmaslikka chaqirgandi.