Bugun 13 avgust, 2026 yil, payshanba

КИР

7,7 million sayyoh va 3,9 milliard dollar eksport: O‘zbekistonda turizm jadal rivojlanishda davom etmoqda

7,7 million sayyoh va 3,9 milliard dollar eksport: O‘zbekistonda turizm jadal rivojlanishda davom etmoqda

2026 yilning yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 7 749 064 nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,6 foizga ko‘p.

7,7 million sayyoh va 3,9 milliard dollar eksport: O‘zbekistonda turizm jadal rivojlanishda davom etmoqda

Xorijiy turizm oqimining ijobiy dinamikasi so‘nggi yillarda izchil davom etmoqda. 2023 yilda mamlakatga 6,6 million, 2024 yilda 10 milliondan ortiq, 2025 yil yakunlariga ko‘ra esa 11,7 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.

Turistik oqimning o‘sishi xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘ining kengayishi bilan birga kechmoqda. 2026 yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekiston aeroportlari 8,15 million nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga ko‘p. Ushbu davrda jami 64 831 ta reys (+8 foiz) amalga oshirilib, shundan 47 371 tasi xalqaro reyslar (+12 foiz)ni tashkil etdi.

Xalqaro reyslardan 6,7 million nafar yo‘lovchi foydalangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 15,4 foizga oshgan. Aeroportlarda qayta ishlangan yuk va pochta hajmi ham 33 foizga oshib, 51,5 ming tonnaga yetdi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar geografiyasi ham kengaymoqda. 2026 yilda Toshkentga bir qator yangi xalqaro yo‘nalishlar, jumladan, «China Eastern» aviakompaniyasining Shanxaydan, «Asiana Airlines» aviakompaniyasining Seuldan va «Shirak Avia» aviakompaniyasining Yerevandan qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Hududiy aeroportlarda ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda: Termizda yo‘lovchi oqimi 52 foizga, Urganchda 24 foizga, Nukusda esa 23 foizga oshdi.

Turistik oqimning o‘sishi joylashtirish vositalari infratuzilmasining rivojlanishi bilan ham hamohang kechmoqda. 2026 yilning yanvar–iyul oylarida mamlakatda 22 296 o‘rinli 705 ta yangi joylashtirish vositasi tashkil etildi. Natijada ularning umumiy soni 7 440 taga, joylar soni esa 202,6 ming taga yetdi.

Turizm rivojining iqtisodiy samarasi turistik xizmatlardan olinayotgan daromadlarning o‘sishida ham namoyon bo‘lmoqda. 2026 yilning yanvar–iyul oylarida turistik xizmatlar eksporti hajmi 3 895,7 million AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 56 foizga oshdi.

Xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ining kengayishiga so‘nggi misollardan biri «Etihad Airways» aviakompaniyasining Abu-Dabi va Toshkent o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi bo‘ldi. Ilk reys 2026 yil 10 avgust kuni amalga oshirildi. Yangi yo‘nalish ishga tushirilishi munosabati bilan Toshkentdagi mehmonxonalardan birida aviakompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyati boshlanishiga bag‘ishlangan qabul marosimi tashkil etildi.

Xalqaro aviaqatnovlar tarmog‘ining kengayishi, joylashtirish infratuzilmasining rivojlanishi va investisiyalarni jalb etish xorijiy turizm oqimini yanada oshirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratmoqda. Soha ustuvor yo‘nalishlari qatorida mamlakatning transport jihatdan qulayligini oshirish, yangi turistik mahsulotlarni rivojlantirish, xizmatlar sifatini yaxshilash hamda hududlarda investisiya loyihalarini amalga oshirish muhim o‘rin tutadi.

Shunday qilib, xorijiy turizm oqimining o‘sishi sohaning asosiy ko‘rsatkichlarida ham ijobiy dinamika bilan kuzatilmoqda:

  • Xorijiy sayyohlar soni — 22,6 foizga o‘sish;
  • Turistik xizmatlar eksporti — 56 foizga o‘sish;
  • Aeroportlar yo‘lovchi oqimi — 16 foizga o‘sish.

Ushbu ko‘rsatkichlarning umumiy ijobiy dinamikasi turizmning O‘zbekiston iqtisodiyotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini hamda sohani yanada rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini tasdiqlaydi.

Kiritildi: 11:37 12.08.2026. O'qildi: 701 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!