Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

400 000 so‘m evaziga fohishaxona tashkil qilgan ayolga hukm o‘qildi

400 000 so‘m evaziga fohishaxona tashkil qilgan ayolga hukm o‘qildi

Jamiyatimizda ayrim ayollar tomonidan yengil pul topish maqsadida o‘z xonadonida fohishaxona saqlash kabi jinoyayatlar sodir etish xolatlari uchrab turadi.

40 yoshni qoralab qolgan Saida Shokarimova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) biror joyda tayinli ishlamadi. U oson pul topish yo‘lini qidirdi. Xonadoniga qizlarni olib borib erkaklarga qo‘shdi. Past niyatlarda fohishaxona tashkil qildi.

Ko‘za kunda emas, kunida sinadi deganlaridek tezkor tadbir davomida uning qilmishi fosh etildi.

2022 yil 23 iyun kuni soat 23:00 larda yashash uyida 400 ming so‘m pul evaziga erkak va ayolni o‘zaro jinsiy aloqada bo‘lishlari uchun yashash uyida sharoit yaratib bergan. Tezkor tadbir davomida S. Shokarimovadan 400 ming so‘m miqdoridagi ashyoviy dalil xolislar ishtirokida olingan.

Sudlanuvchi Saida sud majlisida aybiga iqror bo‘ldi albatta. Haqiqatdan ham o‘sha kuni soat 15:00lar atrofida unga Mahmud ismli erkak telefon qilib joy topib berishini aytganida 400 ming so‘m bo‘lishini aytadi.

Mahmud kechqurun avtomashinasida kelib Saidani olib ketadi. Yo‘ldan ular bir qizni mashinaga mindirib olishadi. Bu 20 yoshlar atrofidagi Nozima edi. Saida, Nozima va Mahmud ko‘p qavatli uylardan biridagi xonadonga kelib, ichkariga kirishadi. Mahmud Nozimaning ko‘z o‘ngida Saidaga 400 ming so‘m sanab beradi. Shundan so‘ng Mahmud Nozima bilan bir xonaga kirib ketadi... Taxminan yarim soatlardan so‘ng eshik taqillaydi. Saida “kim” deb eshikni ochganida to‘g‘risida ichki ishlar xodimlarini ko‘radi. Ular xonadonga kirib voqeani rasmiylashtirib oladilar.

Saida “mijozi”dan olgan 400 ming so‘m pulni o‘z ixtiyori bilan ichki ishlar xodimlariga topshiradi. Sudda qilmishidan pushaymonligini, oilaviy sharoiti og‘irligini, 2 farzandi borligini, eri bilan ajrashganligini, vaqtincha ishsizligini, sog‘ligida muammosi borligini inobatga olib yengillik berishni so‘radi.

Guvoh Nozima Vohidova haqiqatdan ham voqea bo‘lgan kuni dehqon bozorida yurganida unga Saida Shokarimova qo‘ng‘iroq qilib kechki payt uchrashishlari kerakligini aytadi. “Xo‘p”, deydi. Belgilangan payt bir erkak kishi avtomashinasida Saida va uni ko‘p qavatli uylardan biriga olib boradi... Buyog‘i o‘zingizga ma’lum.

Dastlabki tergov organi tomonidan Saida Shokarimova fohishaxona tashkil etish va saqlashda ifodalangan jinoiy harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasining 2-qismi bilan to‘g‘ri kvalifikasiya qilinganligi e’tirof etildi.

Sud S. Shokarimovaning ayolligini, oilaviy sharoiti og‘irligini O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 55-moddasi 1-qismining “a” bandiga asosan jazoni yengillashtiruvchi holat deb, g‘arazli va past niyatlarda jinoyat sodir etishini Jinoyat kodeksi 56-moddasi 1-qismining “k” bandiga asosan jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb hisobladi.

Sud, sudlanuvchiga jazo turi va miqdorini tayinlashda insonparvarlik va odillik prinsiplariga tayanib, Jinoyat kodeksining 54-moddasi hamda Oliy sud Plenumining “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi 2006 yil 3 fevraldagi 1-sonli qarori talablaridan kelib chiqib, uning jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar bilan birga shaxsini, ayolligi, oilaviy ahvolini, oilada yolg‘iz boquvchi ekanligini inobatga olib, unga modda sanksiyasi doirasida 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni, unga sutkaning soat 22:00 dan 6:00 gacha bo‘lgan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashni lozim topdi.

Saida Shokarimova bundan buyog‘iga halol mehnat bilan mashg‘ul bo‘lib, noto‘g‘ri bosgan qadamidan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishini istaymiz.

Yahyo Bekkamov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tumani sudi raisi

Kiritildi: 13:20 06.12.2022. O'qildi: 1836 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!