Bugun 22 aprel, 2026 yil, chorshanba

КИР

35 mlrd so‘mlik byudjet, to‘lanmagan maosh va Rivaldo oldidagi qarzdorlik — “Bunyodkor” atrofidagi vaziyat qanday hal etiladi?

35 mlrd so‘mlik byudjet, to‘lanmagan maosh va Rivaldo oldidagi qarzdorlik — “Bunyodkor” atrofidagi vaziyat qanday hal etiladi?

Toshkentning “Bunyodkor” klubi sobiq futbolchisi Rivaldo bilan bog‘liq qarzdorlik klub zimmasida qoladi. Bu haqda matbuot anjumanida qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

20 aprel kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyev klubning moliyaviy majburiyatlari va ko‘p yillik qarzdorlik masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, 2008–2010-yillarda jamoa safida to‘p surgan Rivaldo oldidagi qarzdorlikni to‘lash tashkilot zimmasiga kirmaydi:

“Bu majburiyat "O‘zbekneftgaz"ga emas, balki klubga tegishli”, — deydi Hamroyev.

Avvalroq “O‘zbekneftgaz” O‘zbekiston futbol assosiasiyasiga rasmiy xat yo‘llab, “Nasaf”, “Buxoro” va “Bunyodkor” klublarini moliyalashtirish to‘xtatilishini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, “Mash’al” (Muborak gazni qayta ishlash zavodi klubi) va “Sho‘rtan” (“Sho‘rtanneftgaz” korxonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan) jamoalari ham kompaniya tizimi orqali moliyalashtirilgan.

“Futbol klublarini moliyalashtirishni to‘xtatish norasmiy ma’lumot emas, biz bu haqda bir necha bor aytganmiz. Oxirgi marta prezident tomonidan homiy sifatida moliyalashtirishni to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Bu davlat topshirig‘i edi. 1 yanvardan moliyalashtirish bosqichma-bosqich emas, balki darhol to‘xtatildi. Hozirgi kunda birorta futbol klubi bizning tomonimizdan moliyalashtirilmayapti”, deya ta’kidladi tashkilot vakili.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, avval klublarga ajratilgan mablag‘ hajmi yiliga taxminan 200–300 mlrd so‘mni (Markaziy bank kursi bo‘yicha qariyb 16,5–25 mln AQSh dollari) tashkil etgan.

“Raqamlar aniq bo‘lmasligi mumkin, ammo gap yiliga 200–300 mlrd so‘m atrofidagi mablag‘ haqida ketmoqda. Bu to‘rt futbol klubi uchun umumiy ajratilgan summa edi”, — dedi Hamroyev.

FIFA qarori va Rivaldo oldidagi qarzdorlik tafsilotlari

Ma’lumot uchun, 2024 yil fevral oyida FIFA “Bunyodkor” sobiq futbolchilari Rivaldo va Denilson shikoyatlari bo‘yicha qayta ish ochgan. Oradan 15 kun o‘tib, klub futbolchilar oldidagi qarzdorlik majburiyatini bajarishi lozimligi haqida qaror chiqargan.

OFK lisenziyalash talablari asosida klub 2024 yil 31 martga qadar qarzdorlik masalasini hal etishi kerak bo‘lgan. Muzokaralar natijasida tomonlar 30 mart kuni kelishuvga erishgan va “Bunyodkor” lisenziyalash platformasiga zarur hujjatlarni yuklashga ulgurgan.

FIFA qaroriga ko‘ra, klub 2024 yil 7 aprelga qadar qarzdorlikni bartaraf etishi lozim edi.

“Qaldirg‘ochlar” Sport arbitraj sudi (CAS) va FIFA nizolarni hal qilish palatasi qarorlariga muvofiq quyidagi to‘lovlarni amalga oshirishi belgilangan:

Rivaldoga:
2 489 947 yevro — to‘lanmagan mukofot pullari va yillik 5 foiz ustama;
5 664 000 yevro — shartnoma bekor qilingani uchun tovon puli va yillik 5 foiz bonus;
10 ming Shveysariya franki — arbitraj xarajatlari.

Denilsonga:
700 000 dollar — to‘lanmagan mukofot pullari va yillik 5 foiz ustama;
400 000 dollar — shartnoma buzilgani uchun tovon puli va yillik 5 foiz bonus;
10 ming Shveysariya franki — arbitraj xarajatlari.

Keyingi kelishuvga ko‘ra, mazkur summalar sezilarli darajada kamaytirilgan. Denilsonga to‘lovlar 2026-yilgacha uch qismga bo‘lib berilishi, Rivaldo bilan hisob-kitob esa 2028-yilgacha har yili bir martadan amalga oshirilishi belgilangan.

Rivaldo 2008–2010-yillarda “Bunyodkor” safida 63 o‘yinda 34 gol va 7 assist qayd etib, uch karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Denilson esa 2010-yilda jamoa bilan chempionlikni qo‘lga kiritib, 23 o‘yinda 10 gol va 3 ta assist muallifi bo‘lgan.

16-kuni jamoa matbuot xizmati vakili Furqatbek Nishonov Facebook sahifasida kommunal to‘lovlardan qarzdorlik sabab “Bunyodkor” stadioni va akademiyasi issiq va sovuq suv, shuningdek, elektr ta’minotidan uzilganini ma’lum qilgan edi.

“Etib kelganimiz shu bo‘lsa kerak: "Bunyodkor" stadioni va akademiyasida 2 oydan beri issiq suv yo‘q edi, oylikni oxirgi marta dekabrda olganmiz. Mana, bugun butun akademiya va stadion hududida elektrni o‘chirishibdi. Aytgancha, bu yil O‘zbekiston tarixda birinchi marta Jahon chempionatida qatnashadi! Omad yor bo‘lsin!” deya yozgan Nishonov.

Keyinchalik, muammolar qisman bartaraf etilgani haqida xabar berildi.

Yangi moliyalashtirish tizimi va imtiyozlar
2026-yilgi mavsumdan boshlab O‘zbekistonda futbol klublarini moliyalashtirish tizimi o‘zgardi. Prezident qaroriga muvofiq, Superliganing har bir klubiga davlat byudjetidan to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ ajratiladi:

2026-yilda — 35 mlrd so‘m;
2027-yilda — 30 mlrd so‘m;
2028-yilda — 25 mlrd so‘m.

Qarorda soliq imtiyozlari ham alohida o‘rin egallagan. Xususan, 2026 yil 1 apreldan boshlab Superliga va Proliga futbolchilari uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi. Shu bilan birga, ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.

Mazkur imtiyozlar Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida milliy terma jamoalarga jalb qilinadigan murabbiylarga ham tatbiq etiladi. Bundan tashqari, sport tizimiga xususiy sektorni kengroq jalb etish maqsadida homiylik faoliyatiga ham rag‘batlar joriy qilindi.

Futbol klublari va sport federasiyalariga homiylik qilgan tadbirkorlar uchun soliq yengilliklari belgilangan. Ular davlat telekanallarida sport translasiyalari vaqtida reklamalarni yarim narxda joylashtirish huquqiga ega bo‘ladi.

Klub xarajatlarining kamida 20 foizini qoplagan tadbirkorlarga professional futbol klubini ishonchli boshqaruvga berish amaliyoti joriy etiladi. Bunda:

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan tanlov asosida ishonchli boshqaruvga berilishi rejalashtirilayotgan professional futbol klublari ro‘yxati O‘FA tomonidan e’lon qilinadi va tanlov muddati 15 kun etib belgilanadi;

Professional futbol klubi faoliyatini saqlash xarajatlariga eng ko‘p homiylik mablag‘i kiritishni taklif qilgan tadbirkor g‘olib deb topiladi va jamoa uchun avvalgi yillarda homiylik qilib kelgan tadbirkorlarga ustunlik beriladi;

Tanlov ishtirokchilarining homiylik mablag‘i kiritish to‘g‘risidagi takliflari qiymati bir xil bo‘lganda, tegishliligi bo‘yicha O‘FA tomonidan klubni rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi taklif bergan talabgor g‘olib deb e’lon qilinadi;

G‘olib bo‘lgan tadbirkor hamda professional futbol klubi ta’sischilari o‘rtasida ishonchli boshqarish to‘g‘risida shartnoma tuziladi;

Mazkur tartib muassislar tarkibida tadbirkorlarning ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan professional futbol klublariga tatbiq etilmaydi.

Klubni to‘liq sotib olish yoki sport ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlari uchun 1 yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga yillik 14 foiz stavkada kredit ajratiladi davlat tomonidan imtiyozli kredit ajratilishi ham nazarda tutilgan.

Kiritildi: 23:50 21.04.2026. O'qildi: 294 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!