UzAuto Motors Chevrolet Cobalt uchun kontraktasiyani ochadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Cobalt avtomobillariga bo‘lgan yuqori talab hamda mijozlar murojaatlari asosida kontraktasiya jarayoni barcha komplektasiyalar uchun ochiladi.
Shartnomalarni 28 aprel soat 10:00 dan boshlab uzavtosavdo.uz sayti orqali onlayn yoki Chevrolet rasmiy dilerlik markazi orqali rasmiylashtirish mumkin.
Telegram-bot hamda UzAvtoSavdo (iOS/Android) mobil ilovasi orqali navbatni kuzatish va mavjud avtomobillar haqida ma’lumot olish imkoniyati mavjud.
Avtomobil ishlab chiqaruvchisi tuzilgan shartnomalar uchun 7 kun ichida to‘lov qilinishi kerakligini eslatdi. Qo‘shimcha qilinishicha, tuzilgan shartnomalarda maxsus QR-kod mavjud bo‘lishi shartnomaning haqiqiyligini tasdiqlaydi.
“Bunday QR-kodga ega bo‘lmagan shartnomalarga UzAuto Motors va Chevrolet rasmiy dilerlari aloqador emas. Mijozlardan diqqatli bo‘lishlarini va shartnoma tuzishda doimo ushbu QR-kod mavjudligini tekshirishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.