2026 yilning birinchi yarmida Rossiya hokimiyati mamlakatdan 43 700 nafar xorijiy fuqaro va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni chiqarib yubordi. Bu haqda «Vedomosti» nashri Federal sud pristavlari xizmati matbuot xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.
2025 yilning birinchi yarmi bilan taqqoslaganda, bu ko‘rsatkich 65,5 foizga oshgan. O‘sha davrda mamlakatdan 26 400 nafar kishi deportasiya qilingan edi.
Nashrning eslatishicha, 2025 yil fevralidan boshlab Rossiyada Ichki ishlar vazirligiga chet el fuqarolarini sud qarorisiz mamlakatdan chiqarib yuborish vakolati berilgan.
Bunday qarorni hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, migrasiya masalalari bo‘yicha tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasini nazorat qilish bo‘linmalari rahbarlari qabul qilishi mumkin.