“Adolat” sosial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova 2025 yildan boshlab bakalavriatga kirish uchun ingliz tilini bilish bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish tartibini joriy etishni taklif etmoqda. Bu xaqda u Navoiy viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Uchrashuvda prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili Rustam Hayitov saylovchilarga nomzodning tarjimai holi va faoliyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng, prezidentlikka nomzod Robaxon Maxmudova so‘zga chiqib, o‘z Saylovoldi dasturining maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlarini saylovchilar e’tiboriga havola etdi.
Adolatli jamiyat va huquqiy davlat qurish jarayonida ayollar va erkaklarning teng huquqliligini ta’minlash, onalik, otalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga oid qonun hujjatlarini ishlab chiqish va takomillashtirish nomzod dasturining ustuvor yo‘nalishlaridandir.
Shuningdek, Robaxon Maxmudova bog‘chalarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, barcha bog‘cha va maktablarga xodimlarni ishga olishni ochiq, shaffof tanlov asosida tashkil qilishni taklif etdi.
Bundan tashqari, 2025 yildan boshlab bakalavriatga kirish uchun ingliz tilini bilish bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lish tartibini joriy etish taklif etilmoqda.
Robaxon Maxmudova parlamentarizm va parlament demokratiyasini yanada rivojlantirish yo‘lida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif etdi:
- tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha xarajatlar yuklaydigan barcha qoidalarni faqat qonunlar orqali qabul qilinishiga erishish;
- qonunlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan mexanizmlar bilan qabul qilish, bu borada parlament qo‘mitalari ishini kuchaytirish;
- parlament faoliyatida tadbirkorlik sub’ektlari ishiga aralashmaslik, ularga oid masalalarni ijro organlaridan talab qilish;
- deputatlarning ish vaqtining yarmini o‘z saylovchilari yonida o‘tkazishini belgilovchi tartibni joriy etish.