Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari 2017-2022 yillarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar va ularning natijasini tahlil qildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizning investisiyaviy jozibadorligini oshirish va iqtisodiyotga yanada ko‘proq xorijiy investisiyalarni jalb qilish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirildi.
Xususan, qonunchilikda investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida yangi "Soliq kodeksi", "Investisiya va investision faoliyat to‘g‘risida"gi qonun, "Mediasiya to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.
Investorlar uchun yanada qulay sharoit yaratish uchun Xalqaro Toshkent arbitraj markazi tashkil etildi hamda "investisiya krediti", "investisiya subsidiyasi" va "investision viza" kabi yangi mexanizmlar joriy qilindi.
Mamlakatda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalar soni 2017-yil boshida 3 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib, 22 taga yetdi. Ulardan 12 tasi sanoat, 6 tasi farmasevtika, 2 tasi turizm, 2 tasi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va yaratilgan imkoniyatlar mamlakatdagi investisiya muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, O‘zbekiston 2019-yilda ilk bora Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) ning "To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni tartibga solish cheklovlari indeksi"ga kiritildi va ushbu indeksga ko‘ra, 2020-yilda jahonda 43-o‘rinni, Osiyo mintaqasida 7-o‘rinni qayd etdi.
2017-2022 yillarda O‘zbekiston xalqaro Iqtisodiy erkinlik indeksi umumiy reytingida o‘z o‘rnini 31 pog‘onaga yaxshilab, 148-o‘rindan 117-o‘ringa ko‘tarildi.
Mamlakatimizga kiritilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar hajmi 2017-yilda 2,2 milliard AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yil yakunida ushbu ko‘rsatkich 1,5 barobar ortib, 3,3 milliard AQSh dollariga yetdi.