Interpol bolalar jinsiy zo‘ravonlik materiallarini ishlab chiqarish va tarqatishga qarshi kurashga qaratilgan yirik xalqaro operasiya doirasida 20 kishining hibsga olinganini e’lon qildi.
“Report” Euronews telekanaliga tayanib xabar berishicha , hibsga olinganlar orasida Yevropa, AQSh va Lotin Amerikasidan kelgan tibbiyot xodimi va ikki nafar o‘qituvchi bor.
12 davlatni qamrab olgan operasiya mart-may oylari orasida Ispaniya milliy polisiyasi ko‘rsatmasi ostida Interpol va Europol bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Bu Ispaniya tomonidan 2024 yil oxirida, ixtisoslashgan polisiya xodimlari onlayn-patrul paytida bolalarning jinsiy ekspluatasiyasi tasvirlarini tarqatishga bag‘ishlangan xabar almashish ilovalarida guruhlarni aniqlaganida boshlangan.
Ispaniya polisiyasi Interpol va Europol orqali jinoyat sodir etganlikda gumon qilinganlar yashagan mamlakatlarning rasmiylarini ogohlantirgan. Ispaniyada yetti nafar gumondor hibsga olingan, ular orasida tibbiyot xodimi va o‘qituvchi ham bor. Tibbiyot xodimi Sharqiy Yevropadan kelgan voyaga etmaganlarga ochiq-oydin fotosuratlar uchun pul to‘lagan, o‘qituvchi esa turli onlayn platformalar orqali bolalar jinsiy zo‘ravonlik materiallarini saqlash va tarqatishda ayblanmoqda.
Qolgan hibsga olishlar AQSh va Yevropaning boshqa qismlarida, jumladan Bolgariya, Italiya va Portugaliyada amalga oshirilgan.
Tergov hozirga qadar butun dunyo bo‘ylab yana 68 nafar gumonlanuvchini aniqladi. Operasiya davomida to‘plangan ma’lumotlar Amerika, Yevropa, Osiyo va Okeaniyadagi 28 davlat huquq-tartibot idoralariga yetkazilgan.