Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) boshqaruvchilar kengashi Ukraina tomonining iltimosiga binoan payshanba kuni favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.
Bu haqda Rossiya Federasiyasining Venadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Mixail Ulyanov o‘zining "Telegram"dagi kanalida ma’lum qilgan.
"Ertaga MAGATE Boshqaruvchilar kengashi Ukraina iltimosiga ko‘ra, atom elektr stansiyalari xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan beqaror energetika infratuzilmasi oqibatlarini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi”, — dedi diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki mavzuni bir-biri bilan bog‘lash "uzoq" va MAGATE vakolatlari doirasidan tashqariga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, MAGATEning doimiy missiyalari Ukrainadagi barcha atom elektr stansiyalarida 2023 yilda ish boshlagan. Agentlik rahbari Rafael Grossining tushuntirishicha, tashkilot inspektorlari Ukraina atom elektr stansiyalarini tashqi quvvat bilan ta’minlovchi elektr podstansiyalari holatini nazorat qiladi.