Ukraina dronlarining bir necha kecha davomidagi hujumlari oqibatida «Yandeks» kompaniyasining oltita data-markazidan uchtasi — Ryazan, Kaluga va Vladimir viloyatlaridagisi yo‘q qilingan yoki jiddiy zarar ko‘rgan. Buning natijasida to‘lovlar, yetkazib berish, taksi, elektron pochta, bulutli xotira va «Yandeks»ning boshqa xizmatlarida uzilishlar kuzatilgan. Kompaniya serverlarini ijaraga oluvchi boshqa tashkilotlar ham muammolarga duch kelgan.
🔹 Bank xizmatlaridagi uzilishlar. DW nashri o‘quvchilaridan biri ipoteka to‘lovini amalga oshirish uchun «Yandeks Bank»dan «Sber»ga pul o‘tkaza olmaganini aytgan.
«Ipoteka to‘lovini to‘lashim kerak, ammo pulimga kira olmayapman. Foiz to‘lashimga to‘g‘ri keladi», — degan u.
«Yandeks» foydalanuvchilar mablag‘lari xavfsiz ekanini bildirgan, biroq barcha xizmatlar qachon to‘liq tiklanishi haqida aniq ma’lumot bermagan.
🔹 Taksi xizmatidagi muammolar. Shikoyatlarning katta qismi taksi xizmati bilan bog‘liq. Haydovchilar buyurtmalar uchun pulni o‘z vaqtida olmagan, yo‘lovchilar esa ularga mashina biriktirilgan-biriktirilmaganini ko‘ra olmagan. Haydovchi va yo‘lovchilarning o‘zaro bog‘lanishi ham qiyinlashgan.
Haydovchilardan birining aytishicha, «Yandeks Taksi» ikkinchi kundirki, umuman ishlamayapti yoki «10 yil avvalgidek» uzilishlar bilan ishlayapti.
🔹 Muammolar boshqa mamlakatlarda ham kuzatilgan. O‘zbekiston, Armaniston, Belarus va Serbiyadagi foydalanuvchilar ham xizmatlardagi uzilishlardan shikoyat qilgan. O‘zbekistondagi haydovchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, taksichilar buyurtmalar uchun to‘lovni ololmay, yo‘lovchilarni qarzga tashishga majbur bo‘lgan.
🔹 «Suveren internet»ning zaif jihatlari. IT mutaxassisi Leonid Yuldashevning fikricha, mazkur hujumlar Rossiyaning «suveren internet» tizimidagi zaifliklarni ham ko‘rsatgan. Davlat fuqarolar va kompaniyalarni mahalliy raqamli xizmatlarga o‘tishga undamoqda. Natijada tobora ko‘proq ma’lumotlar bir nechta yirik platformalarda to‘planmoqda.
Bu esa bitta yirik platformadagi nosozlik bank operasiyalari va taksi safarlaridan tortib, ta’lim hamda ish jarayonlarigacha bo‘lgan ko‘plab sohalarga bir vaqtning o‘zida ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini anglatadi.
🔹 Tiklash uchun oylar kerak bo‘lishi mumkin. Zarar ko‘rgan quvvatlarni tiklashga bir necha oy ketishi ehtimol qilinmoqda. Yangi data-markazlarni qurish esa ikki-uch yil vaqt oladi.