Moskva va Moskva viloyatida 2025-yil 1 sentyabrdan boshlab xorijiy fuqarolarning migrasiya hisobiga olish bo‘yicha yangi taҗriba loyihasi start oldi. Bu haqda Moskva ko‘p funksiyali migrasiya markazi (MMK) ma’lum qildi.
Mazkur taҗriba doirasida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova va Ukraina fuqarolari uchun “Amina” mobil ilovasidan foydalanish majburiy etib belgilanmoqda. Ilova xorijiy fuqarolarning yashash joyi va uning o‘zgarishi haqida ichki ishlar organlariga masofadan turib ma’lumot berish imkonini beradi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun xorijiy fuqaro shaxsiy telefoniga “Amina” ilovasini o‘rnatishi lozim. Avtorizasiya xorijiy fuqarolik kartasi yordamida amalga oshiriladi, mazkur hujjat yo‘qolgan taqdirda esa pasport ma’lumotlari orqali kirish mumkin bo‘ladi.
Ilova geolokasiya ma’lumotlarini Rossiya Ichki ishlar vazirligiga uzatadi. Agar uch ish kuni davomida tizimda harakat qayd etilmasa, fuqaro migrasiya markazi reestridan chiqariladi. Monitoring qoidalarini buzgan shaxslar esa “Kuzatuvdagi shaxslar reestri”ga kiritilishi mumkin.
MMK ma’lumotiga ko‘ra, taҗriba loyihasi amaldagi migrasiya hisobiga olish tartibiga alternativ sifatida sinov tariqasida joriy qilinmoqda.