Salvador sudi "Mara Salvatrucha" (MS-13) jinoiy guruhining 486 nafar a’zosiga nisbatan jamoaviy sud jarayonini boshladi. Bu prezident Nayib Bukele ma’muriyati tomonidan jinoyatchilikka qarshi e’lon qilingan "ayab o‘tirmaslik" siyosati doirasidagi eng yirik jarayonlardan biridir. Ayblanuvchilar 2012–2022 yillar oralig‘ida sodir etilgan 47 mingdan ortiq jinoyatda, jumladan qotillik, tovlamachilik va qurol savdosida ayblanmoqda.
Ayrim ayblanuvchilar uchun umumiy hisobda 245 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘ralgan. Huquq himoyachilari va Inson huquqlari bo‘yicha Amerikalararo komissiya esa bunday ommaviy sudlar ayblanuvchilarni himoya huquqidan mahrum etishini va huquqiy normalarga zid ekanini ta’kidlab, mamlakatda 2022 yildan beri amal qilayotgan favqulodda holat rejimini bekor qilishga chaqirmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qat’iy choralar natijasida Salvadorda qotillik darajasi keskin kamaygan.