Reuters/Ipsos tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, ko‘plab amerikaliklar Eron bilan urush va Rim papasi Lev XIV bilan keskinlik fonida Trampning xulq-atvori, ruhiy holati va zehniyatiga shubha bilan qaramoqda.
Amerikaliklarning atigi 36 foizi Trampning faoliyatini ma’qullaydi. Prezidentning eng yuqori reytingi 47 foiz bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich u 2025 yil 20 yanvarda lavozimiga kirishganidan ko‘p o‘tmay qayd etilgandi.
Qayd etilishicha, ko‘plab amerikaliklar, jumladan, Tramp a’zo bo‘lgan Respublikachilar partiyasining ayrim vakillari ham 79 yoshli prezidentning temperamenti va aqliy qobiliyatidan xavotir bildirgan. Bunga uning bir qator keskin chiqishlari sabab bo‘lgan.
Faqatgina 26 foiz amerikalik Trampni vazmin deb hisoblaydi. Respublikachilarning bu boradagi fikri ikkiga bo‘lingan: 53 foizi uni vazmin desa, 46 foizi aksincha fikrda. Demokratlarning faqat 7 foizi Trampni bosiq deb biladi.
Bundan tashqari, amerikaliklarning 51 foizi Trampning aqliy o‘tkirligi 2025 yilga nisbatan yomonlashganini aytdi.
Trampning inflyasiya bo‘yicha ko‘rayotgan choralarini amerikaliklarning atigi 26 foizi ma’qulladi. Bu u uchun eng past ko‘rsatkichdir.
Shuningdek, respondentlarning atigi 26 foizi Erondagi harbiy harakatlar o‘z xarajatlariga arziydi, deb hisoblaydi. Atigi 25 foiz kishi Eronga berilgan zarbalar Amerikani xavfsizroq qiladi, degan fikrda. Amerikaliklarning 16 foizi AQShning NATO'dan chiqishini qo‘llab-quvvatladi (Tramp ushbu tashkilotdan chiqish bilan tahdid qilgan edi).