Sputnik tasvirlari mamlakat Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli Skarboro sayozligi ustidan nazoratni keskin kuchaytirganini ko‘rsatmoqda. Xususan, 10 va 11 aprel kunlari Xitoy tomoni sayozlikka kirish qismida 352 metrli suzuvchi to‘siq o‘rnatgan hamda hududga harbiy-dengiz floti va sohil qo‘riqlash xizmatining patrul kemalarini joylashtirgan. Bu harakatlar Filippin baliqchilik kemalarining boy resursga ega ichki suvga kirishiga to‘sqinlik qilish maqsadida amalga oshirilgan.
Filippin hukumati ushbu sayozlik o‘z iqtisodiy zonasida joylashganini ta’kidlamoqda, biroq Pekin uni o‘z hududi deb hisoblab, hatto "milliy qo‘riqxona" maqomini bergan. Hozirda sayozlik atrofida Xitoyning to‘qqizta kemasi blokada o‘rnatgan bo‘lib, ekspertlar ushbu qarama-qarshilik mintaqada yirik qurolli to‘qnashuvga aylanib ketishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.